«Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurti Axborot-resurs markazi fondiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekovning «Islom fiqhi asoslari» kitobidan 50 dona hadya qilindi.
Kitobda Islom voqeiy din ekani va barcha zamonu makonlarga mos hamda muvofiq kelishi saodat asrida sodir bo‘lgan voqea-hodisalar asosida ilmiy asoslab berilgan. Bir misol. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga qozi qilib tayinlaganlarida bunday deganlar: “Agar sen biror muammoga duch kelsang, qanday hukm qilasan?” Shunda u: “Qur’ondan hukm chiqaraman”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar Qur’ondan uning hukmini topa olmasang-chi?” deb so‘radilar. “Unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan hukm izlayman”, dedi. “Agar Rasulullohning sunnatlaridan ham topa olmasang-chi?” deb so‘raganlarida: “U holda aqlimga suyanib ish tutaman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muozning yelkasiga qoqib: “Rasulullohning elchisini O‘zi rozi bo‘ladigan ishga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yoki u kishi bo‘lmagan vaqtlarda sahobalar tomonidan bunday ijtihodlar ko‘plab sodir bo‘lgan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning chiqargan hukmlaridan to‘g‘risini tasdiqlab, xatolarini tuzatib qo‘yar edilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati