Bismillahir Rohmanir Rohiym
Musulmon o‘z rizqiga sabab bo‘layotgan kasbiga mehr qo‘yadi va unga vafodor bo‘ladi. Tajriba inson o‘z kasbiga mehr qo‘ymaguncha, biror yaxshi natijaga erishmasligini takror-takror ko‘rsatgan. Aksincha, kasb-hunariga mehr qo‘ygan va uni o‘ziga lozim tutganlar barakaga sazovor bo‘lganlarini ham ko‘pchilik yaxshi biladi.
Bundan o‘zga rizq topish uchun sabab bo‘lib turgan narsani to u foyda bermaydigan bo‘lib qolmaguncha tark qilmaslik kerakligi anglanadi. Nofe’ aytadi: "Men Shom va Misrga tijorat moli yuborar edim. Alloh menga ko‘p yaxshilikni rizq qilib berardi. Bir gal Iroqqa (mol) yubordim. Sarmoyam ham qaytmadi. Oysha roziyallohu anhoning huzuriga kirgan edim: “Hoy bolam, tijoratingni lozim tut. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Biringizga bir eshikdan rizq ochilsa, o‘shani lozim tutsin”, deganlarini eshitganman” dedi".
Ha, musulmon kishi rizqi kelib turgan eshikni yopib, o‘zini boshqa eshikka urishga shoshilmasligi kerak.
“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan