O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorini imzoladi. https://president.uz/uz/lists/view/7913
Mazkur qarorga ko‘ra, 2025 yilgi muborak Ramazon oyining boshlanishi 1 mart kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi.
Alloh taolo Ramazon oyida qiladigan ibodat, duo va barcha solih amallarimizni qabul etsin, ajr-mukofotlarini ko‘paytirsin.
Yaratgan xalqimizga tinchlik, barqarorlik va ofiyatni nasib qilsin. Ramazon muborak!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Jannat ziynatlanadi
Ramazonning birinchi kuni kelganida Alloh taolo Rizvon (jannat eshiklarini qo‘riqlovchi farishta)ga: “Ummati Muhammaddan ro‘za tutib, kechalari qoim bo‘ladiganlar uchun jannatni ziynatlagin!” deb aytadi.
Allohning yana bir farishtasi borki, uning bir qanoti yoqutdan, ikkinchisi esa zumraddandir. U har kecha: “Tavba qiluvchi bormi?” deb nido qiladi (Imom Zahabiy rahimahulloh. Tarixul Islom).
Do‘zax eshiklari yopiladi
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonning birinchi kechasi bo‘lganda shaytonlar va bebosh jinlar kishanlanadi, do‘zax eshiklari berkitiladi, ulardan birortasi ham ochiq qo‘yilmaydi va jannat eshiklari ochiladi, ulardan birortasi ham yopilmaydi. Har kecha bir jarchi: “Ey yaxshilik talabgori, kelgin! Ey yomonlik talabgori, to‘xtagin!”, deydi”, deganlar (Imom Termiziy, Nasoiy va Ibn Hibbon rivoyati).
Allohning rahmati yog‘iladi
Manbalarda, “Ramazon oyining birinchi kechasida Alloh taolo bandalariga rahmat nazari bilan boqadi, kimga Alloh rahmat nazari bilan boqsa, uni hech qachon azoblamaydi”, deyiladi.
Afsuski, ko‘pchilik bu kunni bozorda “hali uni, hali buni sotib olishim kerak” degan bekorchi o‘y-hayollar bilan o‘tkazib yuboradi.
Demak, banda ramazonning ilk kunlaridan boshlab uni g‘animat bilmog‘i lozim ekan.
Davron NURMUHAMMAD