1. Ixlos va taqvo
Ro‘za – Alloh uchun qilingan ibodatdir. Unda riyo va namoyishkorlik bo‘lmaydi, chunki ro‘za tutgan odamni faqat Alloh biladi. Qur’onda bunday deyilgan: “Ey iymon keltirganlar! Sizdan oldingilarga farz qilinganidek, sizga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvoli bo‘lsangiz!” (Baqara, 183).
2. Sabr va iroda kuchini mustahkamlash
Ro‘za insonni nafsiga qarshi mustahkam qilib, uning irodasini kuchaytiradi. Ochlik va chanqoqqa sabr qilish orqali kishi hayotdagi boshqa sinovlarga ham chidamli bo‘ladi.
3. Shukr va qadriyatni anglash
Inson odatda ne’matlarning qadrini uni yo‘qotganda biladi. Ro‘za tutish orqali kishi taom, suv va boshqa ne’matlarning ahamiyatini his qiladi va Allohga shukr qilishni o‘rganadi.
4. Haqiqiy boylik taqvoda ekanini tushunish
Ro‘za tutgan odam, xoh u boy yoki kambag‘al bo‘lsin, bir xil ahvolga tushadi. Bu esa insonga moddiy boylikdan ko‘ra ma’naviy boylik muhimroq ekanini ko‘rsatadi.
5. Sog‘liq va tibbiy foydalari
Ro‘za organizmni tozalaydi, hazm tizimini dam oldirib, turli kasalliklardan himoya qiladi. Ilmiy tadqiqotlar ro‘zaning toksinlarni yo‘qotishga va metabolizmni yaxshilashga yordam berishini ko‘rsatgan.
6. Ro‘za va ijtimoiy birdamlik
Kambag‘allar va muhtojlarning ahvolini his qilish orqali insonda mehr-oqibat, xayriya va zakot berish hissi uyg‘onadi. Bu jamiyatda hamdardlik va birdamlikni mustahkamlaydi.
7. Duolarning qabul bo‘lishi
Ro‘zadorning duosi rad etilmaydi, chunki u Alloh uchun sabr qilib, uning roziligini istagan holda ibodat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uchta odamning duosi rad etilmaydi: ro‘zadorning iftor vaqtidagi duosi, odil podshohning duosi va mazlumning duosi” (Imom Termiziy rivoyati).
8. Ruhiy poklanish
Ro‘za nafaqat jismoniy, balki ruhiy poklanishdir. U insonni gunohlardan tiyishga, yaxshi xulq-atvorga, gunoh va yomonliklardan uzoqlashishga o‘rgatadi.
Ro‘za inson hayotining barcha jabhalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi ulkan ibodatdir. U nafaqat savobli amal, balki insonni ma’naviy va jismoniy jihatdan yuksaltiruvchi buyuk hikmatdir.
Alloh barchamizga ro‘zaning haqiqiy hikmatlarini anglab, uni chuqur his qilishni nasib etsin!
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Doktor Muhammad Rotib Nabulsiy bunday deydilar:
Yuragingni ozorlama va erta qarilikka sabab bo‘lma.
Hayot sendan faqat rozilikni talab qiladi.
Boshqalardan minnatdorlik kutish uchun yaxshilik qilma.
Qo‘ldan ketgan narsalar ustida afsus chekma va vaqtingni ular uchun sarflama.
Biror kishiga yaxshilik qilib, u qaytara olmaganidan xafa bo‘lma.
Qanday vaziyat bo‘lmasin, Alloh taqdir qilgan narsalar uchun g‘am chekma.
Hayot faqat bir marta beriladi, u o‘tadi va keyin tugaydi. Shuning uchun uni sodda va zavqli o‘tkaz.
Hayotni faqat og‘ir ish va jiddiylikka bag‘ishlab yuborma, chunki u vaqtinchalikdir.
Boshqalarga moslashish uchun tabiatingni o‘zgartirma.
Ovozingni ularnikiga o‘xshatishga urinaverma.
Mafkurangga qarshi ish qilma, faqatgina ularning roziligini olish uchun.
O‘zingni shaxsiy imzoing va o‘ziga xosliging bor, uni saqla.
Faqat Allohni rozi qilish uchun harakat qil, insoniyatni emas.
Bu so‘zlar hayot haqida chuqur mulohaza yuritishga va uni haqiqiy qadriga yetgan holda yashashga undaydi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV