Ko‘pchilikdan: “Siz mutakabbirmisiz?” – deya so‘rasangiz, ular darhol: “Yo‘q”, deb javob beradilar. Shunday bo‘lsa-da, sizga bir nechta savollar bilan murojaat qilamiz. Agarda siz savolimizga “Ha” deb javob bersangiz, sizda maxfiy kibr mavjuddir. Ustoz Ahmad Shuqayriy “Ëshlik xotiralari” kitobida bir qancha savollarni zikr qilgan, siz bu savollarga ochiq-oydin javob bering:
– Biror kishi tarafidan tanqidga duch kelsangiz, achchiqlanasizmi yoki o‘zingizni noqulay his qilasizmi, yo bo‘lmasa tezlik bilan birorta chora topib, uni o‘zingizdan yiroq qilish payiga tushasizmi?
– Agar biror kishining gapi sizga yoqmasa, uning gapini bo‘lasizmi?
– Siz o‘zingizdan yuqoriroq mansabda bo‘lgan kishining qarshisida turganingizda bezovtalik yoki xavfsirash sezasizmi?
– Odamlarning oldida o‘z fikringizni bildirish oldidan sizda “mening fikrimni qabul qilmasalar-chi?” degan qo‘rquv paydo bo‘ladimi?
– Quloq solishingizdan ko‘ra gapirishingiz ko‘pmi?
– Boshlig‘ingizga bo‘lgan muomalangiz bilan o‘zingizdan quyi martabadagi kishilar orasida bo‘ladigan muomalangiz o‘rtasida farq bormi? Siz odamlarga bir xilda emas, aksincha, ularning mansabidan kelib chiqib muomala qilasizmi?
– Biror yig‘inda kimdir siz bilan tortishib qolsa, bu shaxsiy ishingiz ekanini ro‘kach qilasizmi?
– Odamlar sizni qo‘llab-quvvatlamasa va sizning qarashlaringizga qo‘shilmasa, asabingiz taranglashib, achchig‘ingiz chiqadimi?
– Maqtov so‘zlarni eshitishga ishqibozmisiz va odamlar sizni maqtashlari uchun bor kuch-g‘ayratingizni sarflaysizmi?
– O‘zingizni boshqalar bilan solishtirib turasizmi? O‘zingizdan quyiroq kishilar bilan birga bo‘lganingizda yayrab ketasizmi? Gapi sizdan o‘tkirroq kishi bilan muomala qilganingizda asabiylik holatini his qilasizmi?
– Aziz kitobxon! Siz ham ushbu imtihondan yiqilganlar safida bo‘lsangiz, hech ajablanmang. Chunki ko‘pchilik bu imtihondan yiqiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Qalbida zarracha kibri bor kishi jannatga kirmaydi”[1] degan hadisi shariflari ayni haqiqatdir. Shu o‘rinda muhim bir savol tug‘iladi: qanday qilib tavozeli bo‘lamiz? Bu savolga qisqacha: yuqoridagi savollarni teskarisiga o‘girsak tavozeli bo‘lmoqlikka erishamiz, deya javob berish mumkin.
– Odamlarning gaplarini bo‘lmang, aksincha, jim turib ularga quloq soling.
– Ko‘proq eshiting va kamroq gapiring.
– Odamlarni tabaqalarga ajratib muomala qilmang.
– Odamlardan maqtov eshitish uchun emas, Allohning rizosi uchun amal qiling.
Bordi-yu, Allohning oldidagi tavozeingiz bandalar oldida amaliy tavozega aylanmasa, bilingki sizning tavozeingizda kamchilik bor.
Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati