Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar va butun xalqimizni ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda mana shunday munavvar oyni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.
Hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uyg‘un bo‘lgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin.
Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayib borayotganini ta’kidlash lozim.
Bu borada boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizdagi tinch va farovon hayotni, millatlar va dinlararo hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu qutlug‘ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik barqaror bo‘lishini chin dildan so‘rab, duolar qilamiz.
Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarimizni, do‘st va hamkorlarimizni Ramazon oyining boshlanishi bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.
Aziz vatandoshlar!
Ramazoni sharifni oila va yaqinlar davrasida katta xursandchilik bilan kutib olayotgan siz muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ushbu muqaddas oyda qilinadigan ibodat va duolar, ehson va amallarni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul etsin!
Xalqimizning ezgu orzu-intilishlari ro‘yobga chiqsin!
Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Birlashgan Arab Amirliklarida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston imom-xatiblari uchun davlatchilik, bag‘rikenglik va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusida navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va "vasatiyya" (o‘rtalik) tamoyilining jamiyat tinchligidagi o‘rni alohida e’tirof etildi. Mamlakatda 200 dan ortiq millat va elat vakillari ahil-inoq istiqomat qilayotgani ta’kidlanib, inson qadri va o‘zaro hurmat muhim omil ekaniga e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida, BAA vakillari O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz xizmatini yuksak ehtirom bilan yodga olishdi. Tinglovchilarning ta’kidlashicha, mashg‘ulotlarda masjidlarda ma’ruzalarni proyektor va interaktiv taqdimotlar orqali ko‘rgazmali yetkazish tajribasi, shuningdek, imom-xatiblarning jamiyat hayotidagi faol o‘rni ko‘rsatib berildi.
Shuningdek, tadbirda BAA rahbariyatining dunyo bo‘ylab amalga oshirayotgan insonparvarlik va xayriya loyihalari haqida atroflicha so‘z yuritilib, bu kabi manfaatli ilmiy safarlarni tashkil etgan davlatimiz Rahbari va soha mutasaddilariga minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati