Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2026   |   29 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
05:02
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:00
Xufton
21:37
Bismillah
14 Iyul, 2026, 29 Muharram, 1448
Maqolalar

O‘zbekiston xalqiga tabrik

01.03.2025   17474   2 min.
O‘zbekiston xalqiga tabrik

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar va butun xalqimizni ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda mana shunday munavvar oyni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.

Hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uyg‘un bo‘lgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin.

Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayib borayotganini ta’kidlash lozim.

Bu borada boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizdagi tinch va farovon hayotni, millatlar va dinlararo hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu qutlug‘ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik barqaror bo‘lishini chin dildan so‘rab, duolar qilamiz.

Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarimizni, do‘st va hamkorlarimizni Ramazon oyining boshlanishi bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.

Aziz vatandoshlar!

Ramazoni sharifni oila va yaqinlar davrasida katta xursandchilik bilan kutib olayotgan siz muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Ushbu muqaddas oyda qilinadigan ibodat va duolar, ehson va amallarni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul etsin!

Xalqimizning ezgu orzu-intilishlari ro‘yobga chiqsin!

Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Uyi yongan oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi

10.07.2026   18364   2 min.
Uyi yongan oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi

Yaqinda Qo‘ng‘irot tumani, “Qumbiz” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Baxtiyor Matyakupovning xonadonida yong‘in sodir bo‘lib, kelib chiqqan yong‘in natijasida xo‘jalik a’zolari uy-joysiz qoldi. Ushbu yuzaga kelgan holat yaqindan o‘rganilib, tumandagi “Hakim Sulaymon” jome masjidi imom-xatibi R.Umarov oila a’zolarining holidan xabar oldi va homiylar yordami bilan uy-ro‘zg‘or buyumlaridan moddiy yordam berdi.

Darhaqiqat, Alloh taolo “Baqara” surasi 271-oyatida: «Sadaqalarni oshkor qilsangiz, bu qanday ham yaxshi! Agar ularni maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz, bu siz uchun yaxshidir. Sizdan yomonliklaringizni ketkazadir. Alloh qilayotgan amallaringizdan o‘ta xabardordir», deb bayon etadi.

Ushbu oyati karimada sadaqani oshkora qilish ham, maxfiy qilish ham maqtalmoqda. Bu haqdagi boshqa oyat va shar’iy dalillarni jamlab, o‘rganib chiqqan ulamolarimiz xulosa qilib aytadilarki, Sadaqa farz bo‘lsa, uni oshkora qilish yaxshi, chunki bu holda Allohning amriga itoat oshkora ko‘rinadi va mazkur sadaqadan unga haqdor bo‘lmagan kishilarga ham tushib qolishi mumkinligining oldi olinadi. Agar sadaqa ixtiyoriy bo‘lsa, u maxfiy qilingani yaxshi. Riyodan va manmanlikdan uzoqda bo‘linadi.  

Sadaqa o‘z egasini Shaytondan yiroq, Rabbisiga yaqin va suyukli etadi. Sadaqa tufayli gunohlar kechiriladi, mehr-muruvvat va shafqat eshiklari ochiladi.

Sadaqa qilish xoh oshkora bo‘lsin, xoh maxfiy bo‘lsin, doimo o‘z egasiga foyda keltiradi, uning gunohlarining yuvilishiga sabab bo‘ladi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda: «Alloh taolo ixtiyoriy sadaqada maxfiylikni joriy qilgan. Bu borada maxfiysi oshkorasidan yetmish marta ko‘p savobga ega bo‘ladi. Farz sadaqaning oshkorasini maxfiysidan yigirma besh marta afzal qilgan», deganlar.

Alloh taolo yurtimizda mehr-oqibatli va saxovatli insonlar ko‘payishini, el-yurtimiz obod, xonadonlarimiz fayzli bo‘lishini nasib etsin! 

Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti

Matbuot xizmati

Uyi yongan oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi Uyi yongan oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi
O'zbekiston yangiliklari