Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

O‘zbekiston xalqiga tabrik

01.03.2025   18422   2 min.
O‘zbekiston xalqiga tabrik

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar va butun xalqimizni ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda mana shunday munavvar oyni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.

Hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uyg‘un bo‘lgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin.

Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayib borayotganini ta’kidlash lozim.

Bu borada boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizdagi tinch va farovon hayotni, millatlar va dinlararo hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu qutlug‘ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik barqaror bo‘lishini chin dildan so‘rab, duolar qilamiz.

Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarimizni, do‘st va hamkorlarimizni Ramazon oyining boshlanishi bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.

Aziz vatandoshlar!

Ramazoni sharifni oila va yaqinlar davrasida katta xursandchilik bilan kutib olayotgan siz muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Ushbu muqaddas oyda qilinadigan ibodat va duolar, ehson va amallarni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul etsin!

Xalqimizning ezgu orzu-intilishlari ro‘yobga chiqsin!

Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Buxoroda imkoniyati cheklanganlar uchun ma’rifiy suhbat bo‘lib o‘tdi

03.08.2026   22155   1 min.
Buxoroda imkoniyati cheklanganlar uchun ma’rifiy suhbat bo‘lib o‘tdi

Buxoro shahridagi «Abu Bakr as-Siddiq» jome masjidida gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan fuqarolar uchun navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan tashkil etilgan suhbatni imom-xatib Orif domla To‘qsonov olib bordi. «Qalb pokligi — ruhiy tarbiya asosi» mavzusida kechgan suhbat malakali surdo tarjimoni vositasida ishtirokchilarga yetkazildi.


Uchrashuv davomida qatnashchilar aqida, fiqh va ijtimoiy hayotga oid savollariga batafsil javob oldilar. Tadbir yakunida ishtirokchilarga xayriya ehsonlari tarqatildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Buxoroda imkoniyati cheklanganlar uchun ma’rifiy suhbat bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari