Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar va butun xalqimizni ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda mana shunday munavvar oyni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.
Hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uyg‘un bo‘lgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin.
Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayib borayotganini ta’kidlash lozim.
Bu borada boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizdagi tinch va farovon hayotni, millatlar va dinlararo hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu qutlug‘ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik barqaror bo‘lishini chin dildan so‘rab, duolar qilamiz.
Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarimizni, do‘st va hamkorlarimizni Ramazon oyining boshlanishi bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.
Aziz vatandoshlar!
Ramazoni sharifni oila va yaqinlar davrasida katta xursandchilik bilan kutib olayotgan siz muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ushbu muqaddas oyda qilinadigan ibodat va duolar, ehson va amallarni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul etsin!
Xalqimizning ezgu orzu-intilishlari ro‘yobga chiqsin!
Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Bugun, 4 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Saudiya Arabistoni Podshohligining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Saad bin Nosir bin Abdulloh Abu Xaymid janoblarini qabul qildilar.
Muloqot avvalida Muftiy hazratlari elchi janoblarining yurtimizdagi sharafli va mas’uliyatli diplomatik faoliyatiga muvaffaqiyat tiladilar. Suhbatda ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari va do‘stona munosabatlari natijasida ilmiy-tadqiqot, ta’lim, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Xususan, o‘tgan haftada Prezidentimiz tomonidan elchining ishonch yorlig‘ini qabul qilish chog‘ida Saudiya Arabistoni bilan o‘rnatilgan aloqalar va ziyoratchilarga yaratilayotgan sharoitlar yuqori baholangani alohida e’tirof etildi.
Uchrashuv chog‘ida diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi hamkorlikning yorqin namunalari qayd etildi. Yaqinda yurtimizda o‘tkazilgan xalqaro forumga Masjid al-Harom imomi Shayx Solih bin Abdulloh bin Humayd va Islom olami uyushmasi Bosh kotibi o‘rinbosari Abdurahmon Zaydning tashrifi, shuningdek, Toshkent islom instituti ustozlarining Makka va Madina shaharlarida malaka oshirib qaytgani mamnuniyat bilan tilga olindi. Shu bilan birga, kelgusida saudiyalik taniqli ulamolarning ham tashriflarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Haj va Umra ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yuqori saviyaga olib chiqish borasidagi maqsadlar mushtarak ekani bildirildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi bilan xayriya aloqalar e’tirof etilib, madaniy-ma’rifiy, ilm-fan, o‘zaro tajriba almashish yo‘nalishlaridagi aloqalarni kengaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ikki xalq o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va muhokama qilingan dolzarb masalalar bo‘yicha birgalikda sa’y-harakat qilishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati