frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

O‘zbekiston xalqiga tabrik

01.03.2025   17938   2 min.
O‘zbekiston xalqiga tabrik

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar va butun xalqimizni ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda mana shunday munavvar oyni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.

Hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uyg‘un bo‘lgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin.

Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayib borayotganini ta’kidlash lozim.

Bu borada boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizdagi tinch va farovon hayotni, millatlar va dinlararo hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu qutlug‘ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik barqaror bo‘lishini chin dildan so‘rab, duolar qilamiz.

Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarimizni, do‘st va hamkorlarimizni Ramazon oyining boshlanishi bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.

Aziz vatandoshlar!

Ramazoni sharifni oila va yaqinlar davrasida katta xursandchilik bilan kutib olayotgan siz muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Ushbu muqaddas oyda qilinadigan ibodat va duolar, ehson va amallarni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul etsin!

Xalqimizning ezgu orzu-intilishlari ro‘yobga chiqsin!

Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

04.08.2026   22681   2 min.
O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Shu yilning 3 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi va Islom taraqqiyot banki hamkorligida “O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish: imkoniyatlar va qiyinchiliklar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekistonda vaqf tizimini joriy etish konsepsiyasining natijalari va tavsiyalari taqdim etilib, atroflicha muhokama qilindi.


Davra suhbatida qator davlat, nodavlat va diniy-ma’rifiy tashkilotlar vakillari, jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “VAQF” xayriya jamoat fondi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya, Adliya hamda Madaniyat vazirliklari, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi mas’ullari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Toshkent islom instituti ustozlari hamda islom moliyasi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan konsalting kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. 
 

Islom ijtimoiy moliyasining muhim vositasi bo‘lgan vaqf tarixan ijtimoiy farovonlik va jamiyat rivojini ta’minlashning muhim institutsional mexanizmi bo‘lib xizmat qilgan. Zamonaviy sharoitda u barqaror rivojlanishga ulkan hissa qo‘shuvchi tizim sifatida e’tirof etilmoqda. Jahon banki, Xalqaro islom moliya ta’limi markazi (INCEIF) va Xalqaro islom moliyasi shariat tadqiqot akademiyasi (ISRA)ning hamkorlikdagi hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda global vaqf aktivlarining qiymati 100 milliarddan 1 trillion AQSH dollarigacha baholanmoqda.
 

Tadbir davomida soha mutaxassislari tomonidan qator dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi. Xususan, islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ekspert, doktor A’lam Asadov “Vaqfning asosiy tamoyillari, barqaror rivojlanish va xalqaro ilg‘or tajriba” mavzusida hamda BMTTD eksperti, doktor Ixtiyorjon To‘raboyev “O‘zbekistondagi hozirgi vaqf tizimining holati: asosiy kamchiliklar va tarkibiy muammolar” mavzusida taqdimot qilishdi. Taqdimotlar yakunida “Al-Muomalat” kompaniyasi rahbari Iskandar Tursunov, “Mezon kengashi” direktori Muzaffar Xusniddinov hamda “Islamic Business and Finance” (IsBF) ta’sischisi Jahongir Imamnazarovlar tizimni rivojlantirish bo‘yicha o‘zlarining amaliy taklif va mulohazalarini o‘rtoqlashdi. 
 

Xulosa qilib aytganda, mazkur tadbir manfaatdor tomonlar uchun O‘zbekistonda tizimli vaqf mexanizmini joriy etishning tegishli huquqiy, me’yoriy va institutsional bazasini ishlab chiqish bo‘yicha muhim muhokama maydoni bo‘lib xizmat qildi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
O'zbekiston yangiliklari