Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar va butun xalqimizni ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lgan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda mana shunday munavvar oyni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.
Hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uyg‘un bo‘lgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin.
Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayib borayotganini ta’kidlash lozim.
Bu borada boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizdagi tinch va farovon hayotni, millatlar va dinlararo hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu qutlug‘ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik barqaror bo‘lishini chin dildan so‘rab, duolar qilamiz.
Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarimizni, do‘st va hamkorlarimizni Ramazon oyining boshlanishi bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.
Aziz vatandoshlar!
Ramazoni sharifni oila va yaqinlar davrasida katta xursandchilik bilan kutib olayotgan siz muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ushbu muqaddas oyda qilinadigan ibodat va duolar, ehson va amallarni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul etsin!
Xalqimizning ezgu orzu-intilishlari ro‘yobga chiqsin!
Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yurtimizda 7-11 iyul kunlari o‘tkaziladigan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov, ISЕSKO rahbari Salim Muhammad hamda xalqaro al-Furqon jamg‘armasi raisi Sali Shahsuvariy so‘zga chiqdi.
Matbuot anjumanida mazkur nufuzli tadbirning maqsad va vazifalari, uning xalqaro ahamiyati hamda forum doirasida rejalashtirilgan ilmiy-ma’rifiy tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilayotgan forumda dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli ulamolar, muftiylar, islomshunos olimlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.
Ushbu forum islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik, ilm-ma’rifat va insonparvarlikka asoslangan asl mohiyatini xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, mazkur anjuman O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, buyuk allomalar merosi va ma’rifiy an’analarini dunyo miqyosida yanada keng namoyon etishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida, shu yil 7–8 iyul kunlari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida konferensiyalar bo‘lib o‘tadi. 9–10 iyul kunlari esa Samarqand va Termiz shaharlarida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning ilmiy-madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar tashkil etiladi.
Forum doirasidagi bunday uchrashuv va muhokamalar ilm-fan, dinlararo muloqot, bag‘rikenglik va ma’rifat tamoyillarini mustahkamlashda muhim amaliy maydon vazifasini bajaradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati