Buning hikmati, mo‘jizasi bir biolog sifatida nafaqat meni, balki butun olimlarni hayratlantirmoqda. Yaqin kunlarda ikkita mavzu bo‘yicha ko‘proq o‘qiyapman. Sabab – qiziqishlarim. Birinchisi Apoptoz, ikkinchisi Alsgeymer sindromi haqida.
Apoptoz jarayoni xususida to‘xtalar ekanman, avvalo “apoptoz” o‘zi nima, degan savolga javob berib o‘tsam. Apoptoz yunoncha “apoptosis” so‘zidan olingan bo‘lib, “bargning uzilib tushishi” degan ma’noni anglatadi. Apoptoz bu – hujayraning genetik dasturlashtirilgan o‘limi.
Soddaroq tushuntirsam, qari hujayralar o‘z vazifasini o‘tagandan keyin u “eski” hujayra nobud bo‘la boshlaydi va uning o‘rniga “yosh”, o‘z vazifalarini to‘la ado eta oladigan hujayralar hosil bo‘la boshlaydi. Bu jarayon “apoptoz” deyiladi.
Demak, bu ma’lum mexanizm va tartib asosida kechadi. Shu sababli “hujayraning dasturlashtirilgan o‘limi” ham deyiladi. Voyaga yetgan organizmda apoptoz jarayoni vositasida jarohatlangan va o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan qari hujayralar yo‘qotiladi. Lekin me’yoridan ortiq apoptoz organizmda o‘lgan hujayralarni ko‘payib ketishiga sabab bo‘ladi.
Demak, apoptoz normal holatda bo‘lgandagina inson organizmi uchun foydali bo‘ladi.
Apoptoz mexanizmi o‘rganilishi jarayonida amerikalik olimlar musulmonlar ro‘zasini naqadar foydali ekanligini tasdiqladilar. Ular inson va boshqa sut emizuvchilar umrining davomiyligi va ochlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni hujayra mexanizmi orqali tushuntirib berishga muvaffaq bo‘ldilar.
Islom dini Ramazon oyida kunduz kuni yeyish va ichishdan tiyilishni buyuradi. Olim David Sinklerning aniqlashicha, ochlik vaqtida hujayra hayotini uzaytiruvchi SIRT3 va SIRT4 genlari aktivlashadi. Bu ma’lumotdan hozirgi kunda hujayra umrini, inson umrini uzaytirish bo‘yicha dorilar yaratsa bo‘ladi, degan nazariyalar mavjud. Ma’lumki, hujayraning energetik almashinuvi uchun mitoxondriyalar javob beradi. Shu bois mitoxondriya “hujayra akkumlyatori” deb ataladi. Mitoxondriyalar kamayganida hujayra zaiflashib qoladi.
Laboratoriyada 48 kun davomida och qoldirilgan hayvonlar ustida o‘tkazilgan tajriba davomida shu narsa aniqlandiki, kemiruvchilar organizmida bu vaqt davomida sitoplazma (hujayra suyuqligi)da NAD+ sintezini ishga tushiruvchi Nampt oqsili aktivlashadi, bu esa o‘z navbatida SIRT3 va SIRT4 genlari bilan kodlanadigan fermentlar sintezini oshishiga olib keladi. Bu fermentlar esa mitoxondriyalar ishiga va hujayra energetik almashinuviga ijobiy ta’sir qiladi. Ya’ni, ular hujayra qarishini va me’yoridan ortiq apoptoz yuzaga kelishini oldini oladi.
Doktor Kristian Lyuvenburg boshchiligidagi Florida Universiteti olimlarining ta’kidlashicha, oziq moddalarning organizmga yetarlicha tushib turmasligi va davomiy holda hujayralarga cheklangan miqdorda ozuqa bilan ta’minlanishi o‘z navbatida organizmning yosharishiga va erta qarilikdan saqlanishiga yordam beradi. Bu holat hujayraning autofagiyasi faollashishi, ya’ni jarohatlangan mitoxondriyalar va boshqa hujayra strukturalarining tarkibi buzilishi va qayta ishlanishi orqali yuz beradi. Yosh hujayralar o‘z navbatida eski hujayralardan qolgan jarohatlangan strukturalarni tezda qayta ishlash, organizmning energetik zaxirasini qayta tiklash qobiliyatiga ega.
Apoptoz jarayoni tufayli organizmda yosh, yangi hujayralar faoliyat yuritadi va albatta erta qarilikning oldini oladi hamda organizmning yosharishiga sabab bo‘ladi.
Meni eng hayratlantirgan narsa, yil davomida tinimsiz ovqatlanmaslik laborator hayvonlar organizmida aks ta’sir etgani, ya’ni apoptoz jarayoniga emas, qarilikning tezlashishiga, to‘qimalarning yemirilishiga olib kelganidir. Bir yilda 30 kun och qoldirilgan hayvonlarda esa bu jarayon normal kechganligini, kerakli fermentlar faollashganligini guvohi bo‘lingan.
Mana qarang, Ramazon oyi nega aynan 30 kun?!
Marhabo, ey umidim yo‘lchisi shahrul Ramazon…
Dilnavoz BЕRDIYEVA,
bioximik.
Abu Bakr ibn Abdurahmon Umar ibn Xattobning xalifalik zamonida hijriy 22 yilda dunyoga kelgan. Otasi Abdurahmon ibn Horis ibn Hishom katta tobein, o‘z qavmining sharafli kishisi edi. U Ammor ibn Yosir, Abu Mas’ud Ansoriy, Oysha binti Abu Bakr, Ummu Salama, Abu Hurayra, Asmo binti Umays va boshqa ko‘plab katta sahobalardan hadis rivoyat qilgan.
Uning o‘zidan esa mo‘minlar amiri Umar ibn Abdulaziz, Ibn Shihob Zuhriy va boshqa roviylar rivoyat qilgan. Abu Bakr ibn Abdurahmon naql qilgan rivoyatlarning aksariyati Abu Hurayraga bog‘lanadi. Abu Bakr ibn Abdurahmonning mashhur rivoyatlari orasida Payg‘ambarimiz alayhissalomning mana bu hadislari ham bor. Buni Ibn Shihob Abu Bakr ibn Abdurahmondan, u Abu Hurayradan rivoyat qilgan:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Men bir kunda yetmish martadan ko‘proq istig‘for aytaman”, deganlarini eshitdim» (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Bakr ibn Abdurahmon kuchli va mustahkam xotira sohibi edi. U rivoyat qilgan hadislarni shogirdlari sinchkovlik bilan yozib borishgan. Chunki o‘sha davrdagi fiqhiy majlislarda hadisni yozib borish amaliyoti keng qo‘llanar edi. Abu Bakr ibn Abdurahmon va uning aka-ukalari bu borada haqiqiy ibrat namunasi bo‘lishdi.
Abu Bakr ibn Abdurahmonning taqvodorligi va ilmi uchun mo‘minlar amiri Abdulmalik ibn Marvon uni qattiq hurmat qilgan. Xalifa o‘g‘illariga ham faqihning hurmatini o‘rniga qo‘yishni tayinlagan. Biroq Madinada umraviylarni yoqtirmagan toifalar ham bor edi. Buni bilgan Abdulmalik ibn Marvon bunday degan edi:
“Allohga qasam, Madina ahlidan bizning sha’nimizga yomon gaplar aytadiganlarni jazolamoqchi bo‘laman-u, Abu Bakr ibn Abdurahmon esimga tushib, bu niyatimdan qaytaman. Undan uyalganim uchun bu ishni qilmayman”.
Mo‘minlar amiri hadis va fiqh sohibi hurmati uchun o‘ziga qarshi so‘zlovchilarni jazolamagan.
Bir kuni u Masjidi Nabaviyda jamoatga peshin namozini o‘qib berdi. So‘ngra uyiga qaytib hushidan ketdi. Shom namozidan oldin masjid muazzini Madina ahliga bunday dedi:
«“Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, Unga qaytguvchimiz”. Abu Bakr ibn Abdurahmon ibn Horis roziyallohu anhu vafot etdi».
Shu kuni uning shogirdlari shom namozini qayg‘uga botgan holda shayxsiz ado etdilar. U Baqi’ qabristoniga qo‘yildi. Hijriy 94 yilda ko‘plab faqihlar qatori Abu Bakr ibn Abdurahmon ham vafot etdi. Keyinchalik o‘sha yilga “Faqihlar yili” deb nom berildi.
Bobomurod Erali
tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2026 yil 4-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws