Zayniddin domla Eshonqulov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Abu Bakr ibn Abdurahmon Umar ibn Xattobning xalifalik zamonida hijriy 22 yilda dunyoga kelgan. Otasi Abdurahmon ibn Horis ibn Hishom katta tobein, o‘z qavmining sharafli kishisi edi. U Ammor ibn Yosir, Abu Mas’ud Ansoriy, Oysha binti Abu Bakr, Ummu Salama, Abu Hurayra, Asmo binti Umays va boshqa ko‘plab katta sahobalardan hadis rivoyat qilgan.
Uning o‘zidan esa mo‘minlar amiri Umar ibn Abdulaziz, Ibn Shihob Zuhriy va boshqa roviylar rivoyat qilgan. Abu Bakr ibn Abdurahmon naql qilgan rivoyatlarning aksariyati Abu Hurayraga bog‘lanadi. Abu Bakr ibn Abdurahmonning mashhur rivoyatlari orasida Payg‘ambarimiz alayhissalomning mana bu hadislari ham bor. Buni Ibn Shihob Abu Bakr ibn Abdurahmondan, u Abu Hurayradan rivoyat qilgan:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Men bir kunda yetmish martadan ko‘proq istig‘for aytaman”, deganlarini eshitdim» (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Bakr ibn Abdurahmon kuchli va mustahkam xotira sohibi edi. U rivoyat qilgan hadislarni shogirdlari sinchkovlik bilan yozib borishgan. Chunki o‘sha davrdagi fiqhiy majlislarda hadisni yozib borish amaliyoti keng qo‘llanar edi. Abu Bakr ibn Abdurahmon va uning aka-ukalari bu borada haqiqiy ibrat namunasi bo‘lishdi.
Abu Bakr ibn Abdurahmonning taqvodorligi va ilmi uchun mo‘minlar amiri Abdulmalik ibn Marvon uni qattiq hurmat qilgan. Xalifa o‘g‘illariga ham faqihning hurmatini o‘rniga qo‘yishni tayinlagan. Biroq Madinada umraviylarni yoqtirmagan toifalar ham bor edi. Buni bilgan Abdulmalik ibn Marvon bunday degan edi:
“Allohga qasam, Madina ahlidan bizning sha’nimizga yomon gaplar aytadiganlarni jazolamoqchi bo‘laman-u, Abu Bakr ibn Abdurahmon esimga tushib, bu niyatimdan qaytaman. Undan uyalganim uchun bu ishni qilmayman”.
Mo‘minlar amiri hadis va fiqh sohibi hurmati uchun o‘ziga qarshi so‘zlovchilarni jazolamagan.
Bir kuni u Masjidi Nabaviyda jamoatga peshin namozini o‘qib berdi. So‘ngra uyiga qaytib hushidan ketdi. Shom namozidan oldin masjid muazzini Madina ahliga bunday dedi:
«“Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, Unga qaytguvchimiz”. Abu Bakr ibn Abdurahmon ibn Horis roziyallohu anhu vafot etdi».
Shu kuni uning shogirdlari shom namozini qayg‘uga botgan holda shayxsiz ado etdilar. U Baqi’ qabristoniga qo‘yildi. Hijriy 94 yilda ko‘plab faqihlar qatori Abu Bakr ibn Abdurahmon ham vafot etdi. Keyinchalik o‘sha yilga “Faqihlar yili” deb nom berildi.
Bobomurod Erali
tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2026 yil 4-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws