TAOMLANISH SIRLARI (7 qismdan iborat)ni
ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:
(6-qism)
DASTURXON ATROFIDA:
(6 – qism tugadi. Davomi bor...).
Ibrohimjon domla Inomov
Oldiga qo‘ygan oliy maqsadiga erishgan va jannatni qo‘lga kiritgan odam g‘am-tashvish chekishi mumkinmi? Bu savolga avvalgiyu oxirgilarning sayyidi Muhammad sollallohu alayhi vasallam javob berib: “Jannat ahli biror narsaga qayg‘urmaydi, faqatgina Allohni zikr qilmay o‘tkazgan onlariga afsus qiladilar, xolos”[1], deganlar.
E’tibor bering-a! Ular jannat bog‘larida bo‘la turib nimaga achinadilar, nimaga afsus qiladilar? Faqatgina Allohni zikr qilmay o‘tkazgan onlariga! Bizning esa qanchadan-qancha vaqtimiz Allohning zikridan xoli tarzda o‘tib ketyapti... Bu dunyoda o‘tgan vaqtimiz uchun achinyapmizmi?!
Imom Avzoiy aytadilar: “Dunyodagi biror vaqt yo‘qki, bandaga qiyomat kuni ko‘rsatilmasa. Bandaning dunyodagi o‘tkazgan vaqti soniyama-soniya, daqiqama-daqiqa, soatma-soat, kunma-kun ko‘rsatiladi. Biror vaqt Allohning zikrisiz o‘tib ketgan bo‘lsa, bandaning qalbi hasratdan tilka-pora bo‘ladi. Bordi-yu, shu tarzda soat ketidan soat, kun ketidan kun Allohning zikrisiz, istig‘for va tafakkursiz o‘tkazilgan bo‘lsa, u yog‘ini tasavvur qilavering...".
Nabiy alayhissalom: “Yakka-yakkalovchilar o‘zib ketishdi”, dedilar. Sahobalar: “Yakka-yakkalovchilar kimlar, yo Allohning Rasuli”, deya so‘radilar. U zot alayhissalom: “Allohni ko‘p zikr qiluvchi erkaklar va ayollar”[2], dedilar.
Alloh taolo Ra’d surasi, 28-oyatida: «Ular iymon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir...», deya marhamat qiladi. Kim nimani yaxshi ko‘rsa, uning zikrini ko‘paytiradi. Allohning chin muxlislaridek Uning zikri ila mashg‘ul bo‘ling! Kim nimani ulug‘lasa, uning qadrini ko‘taradi. Orif bandalardek Allohni ulug‘lang!
Allohning zikri gunohkorlar uchun ziddi zahardir. Umrini Allohga bag‘ishlaganlar uchun ulfat, inonganlar uchun oziqa va Allohga oshiqlarning sharobidir. Kechayu kunduz, safaru hazarda, to‘qligu yo‘qlikda, bemorligu sog‘likda, pinhonu oshkorda Allohning zikri ila mashg‘ul bo‘ling. «Ey iymon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilinglar. Va ertayu kech U Zotni poklab tasbeh aytinglar!»[3].
Hasan Basriy rahimahulloh shunday deydilar: “Iymon halovatini uch narsada qidiringlar: namoz, zikr va Qur’on tilovatida. Topsangiz topdingiz, aks holda, bu eshik sizlar uchun qulf ekanini biling!”. Mabodo siz yuqorida zikr qilingan uch amalda iymon halovatini his qilmasangiz, tun qorong‘usida – odamlar uyquda ekanida ikki rakat namoz o‘qib, duo va istig‘for orqali Allohga yaqinlashing.
Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Ahzob surasi, 41–42-oyatlar.