Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Mart, 2025   |   12 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:38
Asr
16:40
Shom
18:29
Xufton
19:42
Bismillah
12 Mart, 2025, 12 Ramazon, 1446
Maqolalar

TAOMLANISH SIRLARI (6-qism)

4.03.2025   4424   7 min.
TAOMLANISH SIRLARI (6-qism)

TAOMLANISH  SIRLARI (7 qismdan iborat)ni

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar: 

     (6-qism)

DASTURXON  ATROFIDA

  1. olijanob tarbiya ko‘rgan, o‘zining hurmatini va o‘z qadr-qimmatini bilgan aqlli yoshlar ulug‘lar (ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odam)ga mehr bilan, ziyraklik bilan, iltifot ila xizmat qiladilar;
  2. olijanob tarbiya ko‘rgan, o‘zining hurmatini va o‘z qadr-qimmatini bilgan aqlli farzandlar ham ota-onalariga alohida mehr bilan, ziyraklik bilan, iltifot ila xizmat qiladilar;
  3. ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlardan oldin dasturxondagi taomga, ovqatga qo‘l uzatilmaydi;
  4. ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar dasturxondagi taomga qo‘l uzatmaguncha, boshqalar kutib turishadi;
  5. ko‘pchilik bo‘lib ovqatlanganda taomga kattalardan oldin qo‘l uzatmaslik;
  6. ular ham o‘z navbatida boshqalarni mahtal qilib qo‘ymasliklari zarur;
  7. yeb-ichishni «Bismillohir rahmonir rahim» bilan boshlash;
  8. boshqalarning ham esiga tushishi uchun sal balandroq ovoz bilan aytiladi;
  9. bosh kiyim bilan ovqatlanish;
  10. dasturxonga keltirilgan taomning aybi izlanmaydi;
  11. ovqatni turib, yotib, biror narsaga suyanib yoki yurib yeyilmaydi;
  12. yonidagi ovqatlanayotgan kishilarga nazar solmaslik;
  13. yon-atrofdagilarning ovqatlanishlarini kuzatmaslik;
  14. dasturxonga uzoq ham, yaqin ham o‘tirmaslik;
  15. umumiy sochiqcha bilan o‘z oldini to‘smaslik;
  16. obi-taomlarni isrof qilmaslik;
  17. nonni e’zozlash lozim;
  18. non uvol qilinmaydi;
  19. zarurat bo‘lmasa, non sindirilavermaydi;
  20. nonni xizmatga qo‘ymaslik (masalan, ustida go‘sht maydalash, idish-tovoqlarni artish va hokazo);
  21. odobli odam dasturxonga tortilgan taomning aybini topib, kamsitmaydi;
  22. dasturxon atrofida jim, xomush o‘tirish chiroyli emas;
  23. og‘izda taom bilan so‘zlash mumkin emas;
  24. luqma yeb turgan odamga savol berish joiz emas;
  25. mabodo dasturxon atrofida turli xil bemor odamlar sherik bo‘lib qolsa, ulardan hazar qilinmaydi;
  26. taomning yaxshi, sarxil, lazzatli joyini yoshi ulug‘larga yoki yondagi sheriklarga tutilsa, in’om-ehson qilingan bo‘ladi;
  27. dasturxon atrofida ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlarga taomning yaxshi, sarxil, lazzatli joylarini in’om-ehson qilish lozim;
  28. dasturxon atrofida ehsonni oldin ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar, yoshi ulug‘larga, keyin o‘ng tomon, undan keyin chap tomondagi odamga iltifot etiladi;
  29. agar mabodo ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar o‘z taomlarini yo boshqa biror obi-taom ilinsalar, darhol minnatdorchilik izhor etib, ularning qo‘llarini qaytarmay, so‘zlarini ikki qilmay, gaplarini yerda qoldirmasdan, o‘z xursandchiligini ifoda etiladi;
  30. so‘ngra ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar o‘z taomlarini yo ilingan boshqa biror obi-taomlarini mamnuniyat bilan, boshqa hech kimga bermasdan “Katta rahmat!”, “Uyalib, so‘raolmay turgan edim...”, “Sizniki – tabarruk!”, “Biz ham Sizga o‘xshab yuraylik!”, “Sizning yo‘lingizni bersin bizga ham!”, “Biz ham Sizning yoshingizga yetaylik!” degan yoqimli gaplar bilan hurmat bilan qabul qilib, tanovul qilishi chiroyli odob va katta ehtirom sanaladi. Bordi-yu uchinchi odam o‘zi iltimos qilib so‘rasa, iltimosi rad etilmaydi;
  31. qorin ochgandagina ovqat yemoq;
  32. agar luqma tushib ketsa, tozalanib keyin yeyiladi;
  33. dasturxonning hamma tomoniga uzanavermasdan, taomni oldidan, luqmani kichik olish odobdandir;
  34. og‘izda luqma bo‘lsa, gapirmagan yaxshi;
  35. boshqalarning luqmalariga qaramaslik;
  36. ko‘ngilni qoldiradigan harakatlar qilmaslik;
  37. qahqaha otib kulmaslik;
  38. ovqatlanish paytida og‘izni chapillatmaslik;
  39. og‘izni to‘ldirib ovqatlanmaslik;
  40. dasturxon atrofida burun qoqmaslik kerak;
  41. ovqatni xotirjam holda o‘tirib iste’mol qilish lozim;
  42. ovqatni yaxshilab chaynab, so‘ngra yutish;
  43. og‘izga solingan bir bo‘lak taomni yutmasdan turib, ikkinchi bo‘lakni og‘izga solmaslik;
  44. nonni tishlab emas, balki qo‘lda mayda bo‘laklarga bo‘lib iste’mol qilish;
  45. ovqatlanish vaqtida atrofdagilarning idishiga nazar tashlamaslik;
  46. tortilgan taomni imkon qadar oxirigacha iste’mol qilish;
  47. kim bilandir so‘zlashmoqchi bo‘lsa ham, yonidagi odamga orqa o‘girmaslik. Mabodo shunday qilish o‘ta zarur bo‘lib qolsa, u odamdan kechirim so‘rash lozim;
  48. aksirgisi kelganida yo yo‘tal tutganida, tezlik bilan orqasiga o‘girilmog‘i;
  49. odamga, dasturxonga, undagi non va ovqatga qarab zinhor aksirmaslik, yo‘talmaslik;
  50. agar biror narsani og‘izdan chiqarish zaruriyati bo‘lsa, dasturxondan teskari o‘girilib, chap qo‘lda uni olib tashlash;
  51. aksa urish, yo‘talish yoki og‘izdan biror narsani olish uchun o‘girilganda chap tomondan orqaga o‘giriladi. Agar chap tomonida ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar, yoshi ulug‘ insonlar bo‘lishsa, o‘ng tomondan o‘girilish mumkin;
  52. dasturxon atrofida o‘zgalarning nafratini va ijirg‘anishini qo‘zg‘ovchi qiliqlarni qilishdan tiyilish kerak;
  53. taomni oz-ozdan olish ham odobdan sanaladi;
  54. ko‘ngilni aynitadigan taomlar va ishlar haqida gapirmaslik;
  55. nonni ikki qo‘li bilan bo‘lishlik, ushatishlik. Bir qo‘l bilan bo‘lish, ushatishdan saqlanish lozim, chunki bu kibrlilik alomati hisoblanadi;
  56. non iste’mol qilishda sindirilgan nonni olib, katta-kichikligiga qarab, undan o‘ziga yarmini yo kamrog‘ini sindirib oladi. So‘ng o‘zining bo‘lagidan ham sindirib olib iste’mol qilinadi;
  57. non ustiga tuzdon, kosa, tovoq, qoshiq, pichoq kabi narsalarni qo‘ymaslik;
  58. nonning hech bir bo‘lagini otmaslik;
  59. shoshmasdan ovqatlanishlik;
  60. dasturxon atrofida baland ovoz bilan gaplashmaslik;
  61. agar kishi keltirilgan taomda o‘z sog‘ligiga zarar qiladigan yo o‘zi uncha yoqtirmaydigan bir narsa bor bo‘lsa, gapni ko‘paytirmasdan, shirin til va ochiq chehra bilan «meni ozgina uzurim bor edi-da... Parhez qilmay ilojim yo‘q. Uzr so‘rayman! Sizlarga osh bo‘lsin! Tortinmasdan bemalol olinglar! Osh bo‘lsin!» demog‘i lozim;
  62. ovqatlanayotganda sukut qilmasdan, ovqat mahali solih va olim zotlarning purma’no, ibratli so‘zlaridan gaplashish lozim;
  63. dasturxon atrofida o‘z xastalarini so‘zlamaslik;
  64. dasturxon atrofida yastanib, yalpayib o‘tirmaslik;
  65. kirib kelgan odamni birga taom yemoqlikka chorlashlik kerak;
  66. taom yeyayotganda o‘z oldidan olib yemoqlik;
  67. bordi-yu, meva, tuz, suv bo‘lsa, unda ixtiyorlidir;
  68. taomni har doim bir chetidan o‘z oldidan olib yeyish, zinhor o‘rtasidan boshlab yemaslik;
  69. agar po‘stli yoki danakli mevalar iste’mol qilinsa, ularning po‘stlog‘i va danagi dasturxonning bir chetiga qo‘yiladi yoki maxsus idishga tashlanadi. Agar davra tang bo‘lib, mevaning po‘stloq yoki danaklarini tashlash imkoni bo‘lmasa, salfetka yoki lattaga o‘rab, kishilar ko‘ziga tushmaydigan joyga, bir chetga qo‘yiladi. Agar o‘rashga narsa topolmasa, chap qo‘lida saqlaydi;
  70. ovqat yeyayotganda barcha taomlanayotgan do‘stu yorlarning yuzlariga hadeb qarayvermaslik;
  71. mabodo tez to‘yib qolgudek bo‘lsa, boshqalar uyalib qolib yemay qo‘ymasliklari uchun kam-kam yeb turish va yo yeyayotganday bo‘lib o‘tirishlik;
  72. hamma ovqatlanib bo‘lmasidan o‘rnidan turib ketmaslik;
  73. do‘st, birodarlarga, mehmonlarga uch marta «Qani, marhamat!.. Marhamat!.. Olsinlar!.. Dasturxonga marhamat!..» deyilgandan keyin ham yeyishmasa, ularni majburlamaslik.

(6 – qism tugadi. Davomi bor...). 

Ibrohimjon domla Inomov

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Saharlik qilinglar!

11.03.2025   1494   2 min.
Saharlik qilinglar!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Ro‘za tutish uchun saharlikka turish mustahab amal ekanligiga butun ummat ijmo’ qilgan. Uni tark qilgan gunohkor bo‘lib qolmaydi, albatta.

Imom Buxoriy va Imom Muslim Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deb marhamat qilganlar:

تسحروا فانّ السحور بركة

«Saharlik qilinglar! Zero, shak yo‘qki, saharlik barakadir!».

Miqdom ibn Ma’dikaraba roziyallohu anhu rivoyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Bu saharlikni o‘zingizga lozim tutinglar! Zero, bu muborak oziqdir», dedilar.

Imom Nasoiy rivoyat qilgan.

Barakaning sababi ro‘zador quvvatli bo‘ladi, xursand bo‘ladi, ro‘za tutishi oson bo‘ladi. Boz ustiga, oxiratdagi savobi ham bor.

Shuning uchun saharlik qilish kerak. U ozgina taom, garchi bir qultum suv bo‘lsa ham kifoya qiladi.


Imom Ahmad Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:

السحور بركة فلا تدعوه ولو ان يجرع احدكم جرعة ماء فانّ الله وملائكته يصلون على المتسحرين

«Saharlik barakadir. Shuning uchun, hech biringiz uni bir qultum suv ichib bo‘lsa ham tark qilmanglar. Zero, Alloh taolo va uning farishtalari saharlik qiluvchilarga salovot ayturlar».

Saharlik qilishning vaqti tun yarmidan boshlab to tong otgungachadir. Lekin, kechiktirib saharlik qilish avlodir. Ya’ni, tong otishidan sal oldin saharlik tugatilishi yaxshiroq.

 

Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu aytadilar: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga saharlik qilar edik. So‘ng namozga turar edik. «Ikkovining orasi qancha vaqt edi?» – deb so‘raldi.

U: «Ellik oyat o‘qish miqdoricha edi», dedi. 

Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.

 

Tobeinlardan Amr ibn Maymunadan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblari odamlar ichida iftorga eng shoshadigani, saharlikni eng kechiktiradigani bo‘lgan ekanlar.

Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Ammo, shuni bilmoq kerakki, saharlikni kechiktirganda, agar tong otib ketdi, degan gumon bo‘ladigan bo‘lsa, unda yeb-ichib o‘tirish makruh bo‘ladi. Tong otgani aniq bo‘lganda yeyish esa, ro‘zani buzadi.