Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Biz bilmaymiz, Alloh biladi

04.03.2025   11336   1 min.
Biz bilmaymiz, Alloh biladi

O‘tgan asrning saksoninchi yillarida bir kishi Ar-Riyoddan Jiddaga chipta oldi. Kutish zalida ozgina dam olaman, deb uxlab qoldi. Samolyotga chiqish e’lonini eshitmadi. Uyg‘onganida esa yo‘lovchilar allaqachon chiqib bo‘lgan, samolyot eshiklari yopilgan, uchishga hozirlik boshlangan edi.
 

U odam o‘zidan xafa bo‘lib, juda muhim yo‘ldan qolgani uchun o‘zini koyib turib qoldi. Bir necha daqiqadan keyin uchishga shay bo‘lgan samolyotda yong‘in chiqdi. Yong‘in samolyotni qurshab oldi. Ekipaj aeroportga qaytishga urindi. Lekin yo‘lovchilarni qutqarish uchun tez yordam ulgurmadi. Afsuski, deyarli uch yuz nafar yo‘lovchining bari halok bo‘lgan edi.


Bu mungli voqeadan qilinadigan xulosa shuki, ba’zan shunaqa kechikish va mahrum bo‘lishlar bizni mahzun qiladi. Bir narsani Allohdan so‘rab duo qilasiz-u, u narsa siz xohlaganday bo‘lmaydi! Yoki kutilmaganda sizga yoqmaydigan hodisalar sodir bo‘lib qoladi. O‘shanday paytlarda unutmang – Alloh bizga nima yaxshi ekanini yaxshi biladi. Buni Qur’oni karimda biz bandalariga aytib qo‘ygan:


“…Balkim, sizlar yoqtirmagan narsa (aslida) o‘zlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsangiz esa (aslida) sizlar uchun yomon bo‘lib chiqar. Alloh bilur, sizlar esa bilmaysizlar” (Baqara surasi, 216-oyat).

Akbarshoh Rasulov

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Vaqf" fondi va Turkiya diyonat vaqfi hamkorligi yangi bosqichda

28.08.2026   40462   1 min.

Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.


Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.


Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari