Muhtaram Prezidentimizning «Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi» g‘oyasi asosida Toshkent shahrida ham saxovat tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazilyapti.
Ramazonning to‘rtinchi kuni (4 mart) Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Bektemir tumaniga tashrif buyurdilar.
Tumandagi 5 ta nogironligi bor, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Muruvvat ko‘rsatilgan oilalardan birida rus millatiga mansub yoshi ulug‘ onaxon yashaydi. Onaxon saxovatdan mamnun bo‘lib, bu xayrli ishlarning boshida turgan aziz insonlarni alqadi.
Islom bag‘rikeng, o‘zga millat va boshqa din vakillariga mehr-saxovat ko‘rsatadigan dindir.
Zotan, qaysi jamiyatda diniy bag‘rikenglik tamoyillariga rioya qilinsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va samimiyat qaror topib, barcha insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradilar. Tinchliksiz taraqqiyot va farovonlik bo‘lmagani kabi diniy bag‘rikengliksiz tinchlik barqaror emas.
Alloh taolo ehsonlarni qabul aylasin!
Bu kabi xayr-saxovat tadbirlari shahrimizning boshqa tumanlarida ham davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Buxoro viloyati imom-xatiblari va imom noiblarining xayrli tashabbusi bilan viloyatning barcha hududida iftorlik dasturxonlari yozilib, ko‘plab ro‘zadoru ehtiyojmandlar, nuroniy otaxon-onaxonlar, duogo‘y mo‘ysafidlarning ko‘ngli olib kelinmoqda.
Ezgu duolar ila o‘tayotgan iftorliklardan ko‘ngillar shodlikka to‘lib, shukronalik hissi ortmoqda. Albatta, bunday xayrli amallarning ajru savoblari ham ulkan bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Salmon Forsiy roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda bunday deyilgan: “Bu oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki u oyda birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga ham ro‘zadorning savobidan hech qancha kam bo‘lmagan savob beriladi”.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati