Muhtaram Prezidentimizning «Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi» g‘oyasi asosida Toshkent shahrida ham saxovat tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazilyapti.
Ramazonning to‘rtinchi kuni (4 mart) Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Bektemir tumaniga tashrif buyurdilar.
Tumandagi 5 ta nogironligi bor, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Muruvvat ko‘rsatilgan oilalardan birida rus millatiga mansub yoshi ulug‘ onaxon yashaydi. Onaxon saxovatdan mamnun bo‘lib, bu xayrli ishlarning boshida turgan aziz insonlarni alqadi.
Islom bag‘rikeng, o‘zga millat va boshqa din vakillariga mehr-saxovat ko‘rsatadigan dindir.
Zotan, qaysi jamiyatda diniy bag‘rikenglik tamoyillariga rioya qilinsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va samimiyat qaror topib, barcha insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradilar. Tinchliksiz taraqqiyot va farovonlik bo‘lmagani kabi diniy bag‘rikengliksiz tinchlik barqaror emas.
Alloh taolo ehsonlarni qabul aylasin!
Bu kabi xayr-saxovat tadbirlari shahrimizning boshqa tumanlarida ham davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan yurtimizda 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Sana munosabati bilan joriy yilning 23-31 iyul kunlari mamlakatimiz bo‘ylab "Do‘stlik" festivali tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Festival doirasida bir hafta davomida respublikamizning barcha viloyatlari va Toshkent shahridagi nufuzli san’at saroylari, teatrlar, konsert zallari, tomosha maydonlari va so‘lim xiyobonlari hamda bog‘larida turli madaniy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy kabi qiziqarli bayramona tadbirlar o‘tkaziladi.
Do‘stona ohangda kuylangan konsert dasturlari, adabiyot olamida milliy va umummilliy qadriyatlar tarannumi aks etgan badiiy asarlar talqini haftalik bezagi bo‘ladi. "Do‘stlik" festivali – O‘zbekiston Respublikasining Millatlararo munosabatlarga doir davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan islohotlarning mazmun mohiyatini aks ettiruvchi voqelik.
"Do‘stlik" festivali dunyo ahlini totuvlik va hamjihatlik haqida jiddiy o‘ylashga chorlovchi tashabbus. Ushbu tashabbusni siz ham biz bilan qo‘llab-quvvatlang, festival ishtirokchisiga aylaning.