Muhtaram Prezidentimizning «Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi» g‘oyasi asosida Toshkent shahrida ham saxovat tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazilyapti.
Ramazonning to‘rtinchi kuni (4 mart) Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Bektemir tumaniga tashrif buyurdilar.
Tumandagi 5 ta nogironligi bor, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Muruvvat ko‘rsatilgan oilalardan birida rus millatiga mansub yoshi ulug‘ onaxon yashaydi. Onaxon saxovatdan mamnun bo‘lib, bu xayrli ishlarning boshida turgan aziz insonlarni alqadi.
Islom bag‘rikeng, o‘zga millat va boshqa din vakillariga mehr-saxovat ko‘rsatadigan dindir.
Zotan, qaysi jamiyatda diniy bag‘rikenglik tamoyillariga rioya qilinsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va samimiyat qaror topib, barcha insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradilar. Tinchliksiz taraqqiyot va farovonlik bo‘lmagani kabi diniy bag‘rikengliksiz tinchlik barqaror emas.
Alloh taolo ehsonlarni qabul aylasin!
Bu kabi xayr-saxovat tadbirlari shahrimizning boshqa tumanlarida ham davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
13 iyul kuni Tashqi ishlar vazirligida davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 yanvardagi “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida Indoneziya, Malayziya va Singapurdan mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini kengaytirishga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, gibrid formatda tashkil etilgan ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Buxoro, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklari, “Uzbekistan Airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, mahalliy aviatashuvchi kompaniyalar, “Uzbekistan–Malaysia–Indonesia Travel Association”, “Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi”, shuningdek, turistik kompaniyalarning 40 nafarga yaqin vakillari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlaridan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish yo‘lidagi transport-logistika, xizmat ko‘rsatish va targ‘ibot masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, Malayziyadan qatnovlarni ko‘paytirish hamda Indoneziya va Singapurdan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish, “Umra+” dasturi doirasida ziyorat turizmi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini jadallashtirish, xorijiy ziyoratchilar uchun infratuzilmani xalqaro halol standartlariga moslashtirish va sayyohlik kompaniyalar bilan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir “muammo-taklif-yechim” formatidagi ochiq muloqot ko‘rinishida bo‘lib o‘tdi va unda tomonlar sohadagi muammo hamda mavjud imkoniyatlar yuzasidan konstruktiv fikr almashishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati