Bismillahir Rohmanir Rohiym
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Ey odamlar, Allohga taqvo qilinglar va (rizqni) chiroyli suratda talab qilinglar! Zero, biron nafs toki rizqini to‘la olmagunicha o‘lmaydi. Agar u (rizq) kechiksa, bas, Allohga taqvo qilinglar va uni go‘zal tarzda talab qilinglar, halolni olib, haromni tark etinglar!”, dedilar (Ibn Moja rivoyati).
Rizq borasida ko‘p o‘ylash bilan o‘zingni mashg‘ul qilma. Ajal belgilanganidek, rizq ham belgilab qo‘yilgan. Chunki Alloh taolo barcha xalqlarini, mo‘minlarini ham, kofirlarini ham, inslarini ham, jinlarini ham, barcha maxluqotlarini hech bir istisnosiz rizqlarini kafolatlab qo‘ygandir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta rizq bandani ajalidan ham ko‘proq qidiradi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Albatta Alloh taolo rizqlarni tezlashtiradi, kechiktiradi, keng qiladi, tor qiladi. Hikmatini Alloh biluvchiroqdir. “Alloh biladir, siz esa bilmassiz” (Baqara surasi, 216-oyat).