Shu yil 3 mart kuni Ramazon oyi munosabati bilan Namangan shahridagi "Royal" tantanalar majmuasida iftorlik dasturxoni tashkil qilindi.
Muhtaram Prezidentimizning "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga binoan bu yilgi qutlug‘ oy "Ramazon - saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi" shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasiddinov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyat boshqarmasi hamda Vaqf xayriya jamoat fondi Namangan viloyat filiali rahbarlari boshchiligida Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlarida istiqomat qiluvchi nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqorolar va boshqa konfessiya vakillariga muruvvat ko‘rsatilib iftorlik dasturxoni yozildi.
Duoga qo‘l ochgan fuqarolarimiz yurtga tinchlik-omonlik so‘radilar, bunday hur, emin-erkin zamonning qadriga yetish, shukrona keltirish lozimligini ta’kidladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati