Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Oktabr, 2026   |   10 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:23
Quyosh
06:41
Peshin
12:13
Asr
15:51
Shom
17:37
Xufton
18:50
Bismillah
21 Oktabr, 2026, 10 Jumadul avval, 1448

Ramazon ro'zasining 7 sunnati

12.03.2024   4170   2 min.
Ramazon ro'zasining 7 sunnati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Agar tutayotgan ro'zangizning savobini ko'paytirishni istangiz,

Ro'za ibodatingizga ruh kiritmoqchi bo'lsangiz,

unda ro'zaning sunnatlariga amal qiling....

 
Ulardan birinchisi – hatto bir ho'plam suv bilan bo'lsa ham saharlik qilish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilish barakadir. Uni bir qultum suv ichib bo'lsa ham tark etmang. Chunki Alloh va Uning farishtalari saharlik qiluvchilarga salavot aytadilar”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

ikkinchisi – iftorlikni vaqti kirishi bilan tezlashtirish.

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (shom) namozini o'qimasdan avval bir necha xo'l xurmo bilan, agar xurmo xo'l bo'lmasa, xurmo qoqisi bilan, agar u ham bo'lmasa, bir necha xo'plam suv bilan og'iz ochar edilar” (Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

 uchinchisi – iftorlikda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolarini qilish.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam og'zini ochsalar: “Zahabaz zomau vabtalatil uruuq va sabatal ajru, inshaalloh”

“Chanqoq ketdi va tomirlar ho'llandi va inshaalloh ajr sobit bo'ldi”, deb aytardilar (Abu Dovud rivoyati).

 to'rtinchisi – ro'zadorlarga iftorlik qilib berish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Kim ro'zador kishiga iftorlik qilib bersa,u kishiga ham ro'za tutganning ajridek savob beriladi. Bu bilan ro'zadorning ajridan hech bir narsa kam bo'lmas”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

 beshinchisi – Allohning zikri bilan mashg'ul bo'lish.

 oltinchisi – Qur'oni karimni ko'proq tilovat qilish.

 ettinchisi – duo, sadaqa qilish, yaxshilikka chaqirish, yomonliklardan qaytarish, bemorlarni ziyorat qilish, qavm-qarindoshlar bilan silai rahmni bog'lash.

Ramazon g'animat oyidir. Bu oy iymonni kuchaytirish, Jannatni qo'lga kiritish hamda do'zaxdan omonda bo'lish uchun imkoniyatdir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon kirsa-yu, so'ngra oy chiqqanda gunohi mag'firat qilinmagan kimsaning burni erga ishqalansin”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo bu oyning fazilatlaridan to'liq bahramand etsin. Ramazondan gunohlardan poklangan holda chiqimizga tavfiq bersin!

 Davron NURMUHAMMAD

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbek-lotin alifbosini takomillashtirishga doir qonun prezident tomonidan imzolandi

21.10.2026   227   1 min.
O‘zbek-lotin alifbosini takomillashtirishga doir qonun prezident tomonidan imzolandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr – O‘zbek tili kunida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi to‘rtta harfni o‘zgartirish haqidagi qonunni imzoladi, xabar bermoqda kun.uz.

Qonun quyidagi o‘zgarishlarni nazarda tutadi:

  • O‘ o‘ → Ö ö
  • G‘ g‘ → Ğ ğ
  • Sh sh → Ş ş
  • Ch ch → Ç ç
  • ng harfi mustaqil harf sifatida alifbodan chiqariladi.

Tutuq belgisi alifboda saqlanib qoldi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bu o‘zgarishni quyidagicha izohladi:

“Nihoyat, uzoq yillik tarixiy xato tuzatildi. Bugun Prezidentimiz lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzoladilar.

Bu yillar davomida bahslarga sabab bo‘layotgan va oxiri ko‘rinmayotgan masala edi. 2023 yil 11 dekabrda jadidlar merosiga bag‘ishlangan konferensiyadagi nutqimda alifboni tuzatish tashabbusini ilgari surgan holda, mazkur bahslarga nuqta qo‘yish vaqti kelganini aytgan edim.

Albatta, o‘zgarishlar oson kechmaydi, kimlardadir e’tiroz yoki xavotir uyg‘otishi ham tabiiy. Lekin, ishoning, yozuvimizdagi noqulayliklarga barham berish va tilimizning raqamli makondagi o‘rnini mustahkamlash uchun boshqa yo‘l yo‘q edi.

Endi hamma hujjatlar yangidan qilinadimi? Yo‘q, aslo! Biz xarajatlarni eng minimal darajaga tushirish yo‘lini tanladik: amaldagi barcha hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlar o‘z kuchida qoladi, darslik, peshlavha va ko‘rsatkichlar esa yaroqlilik muddati tugagach, bosqichma-bosqich almashtiriladi.

Ushbu qonunning 21 oktyabr kuni qabul qilinishida chuqur ramziy ma’no bor. Tuzatilgan alifbomiz ma’rifatparvar ajdodlarimiz orzusi, yoshlarimiz savodxonligi va tilimiz mavqeini yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonaman.

Barchangizni O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabriklayman!”

Qonun rasman e’lon qilinganidan keyin 6 oy o‘tib kuchga kiradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari