Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
To‘liq ismi va tavalludi
Iso ibn Mino ibn Vardon ibn Iso ibn Abdussomad ibn Umar ibn Abdulloh az-Zarqiy. Kunyasi Abu Muso. Qolun esa uning laqabidir. U ansorlardan Bani Zuhraning mavlosi[1] bo‘lgan. Nofe’ ibn Abdurrahmonning qaramog‘ida ulg‘aygan. Qolun laqabini olishining sababi uning go‘zal qiroati bilan bog‘liq. Bu haqda o‘zi aytadi: “Agar Nofe’ning oldida tilovat qilsam, barmoqlarini tugib, menga “qolun” ya’ni, rumliklar tilida “yaxshi, yaxshi” der edi.
Aytilishcha, Qolun asli rumlik bo‘lib, shu tilda gaplashgan. Uning bobosi Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davrida Rumda asirga tushgan va Madinaga olib kelingach, ansoriylar uni sotib olishgan.
Qolun Xalifa Hishom ibn Abdulmalik davrida hijriy 120-yili tavallud topgan.
Hayoti va ilmiy faoliyati
Qolunning qulog‘i mutlaqo eshitmas edi. Ammo oldida Qur’on tilovat qilinsa, o‘quvchining xatosini to‘g‘rilab turardi. Ali ibn Hasan Hisanjaniy aytadi: “Qolun Iso ibn Minoning qulog‘i juda ham og‘ir edi. Hatto unga baland ovozda baqirsangiz ham eshitmasdi. Lekin oldida Qur’on o‘qilsa, qorining lablariga qarab turib, lahn va xatosini qaytarar edi”.
Abu Muhammad al-Bag‘dodiy aytadi: “Qolun biror tovushni eshitolmas edi. Lekin Qur’on o‘qilsa, eshitardi. Qorilar unga Qur’on o‘qib berishar va ularning xatolari va lahnlarini labdan bilib olar va to‘g‘rilab qo‘yardi”.
Qolun Qur’onning yetti xil qiroat roviylaridan biri bo‘lgan. O‘z zamonasida Hijozda arab tili ilmlarida va qiroatda tengsiz kishilardan sanalgan. U ustozi Nofe’ning oldida alohida o‘ringa ega bo‘lib, unga juda ko‘p marta Qur’onni o‘qib o‘tkazgan va buni o‘zining kitobida ham qaydlagan.
Qolundan: “Nofe’ga necha marta Qur’onni o‘qib bergansiz”, deb so‘ralganda “Nofe’ bilan yigirma yil o‘tirganman, ko‘p o‘qib berganligimdan necha martaligini sanay olmayman” degan.
Yana aytadi: “Nofe’ menga: “Menga qachongacha o‘qib berasan, bir ustunga o‘tir senga ham o‘qib beradiganlarni jo‘nataman” dedi”.
Qolun ustozi haqida yana shunday deydi: “U insonlarning eng xulqi chiroylisi, qiroati go‘zali va saxiy, zohid edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida namoz o‘qib ellik to‘qqiz yil mobaynida odamlarga qiroat o‘rgatdi”. Nofe’ o‘zi haqida: “Men biror marta talabaning suvini ichmaganman” degan.
Nofe’ning qiroatda sanadi oliy bo‘lgan. U tobe’inlardan yetmish kishiga jumladan, Abdurahmon ibn Hurmuz al-A’roj, Abu Ja’far Yazid ibn Qa’qo’, Shayba ibn Nisoh, Yazid ibn No‘mon, Muslim ibn Jundab, ibn Umarning mavlosi Nofe’, Omir ibn Abdulloh ibn Zubayr, Abu az-Zinad, Muhammad ibn Shihob az-Zuhriylarga Qur’onni o‘qib o‘tkazgan. Asma’iy aytadi: “Nofe’ ibn Abu Nu’aym bilan birga o‘tirardim. U obid, faqih qorilardan edi”.
Nofe’ hazilni xush ko‘radigan va xulqi go‘zal bo‘lgan. Undan doim xushbo‘y hid taralib turardi. Bu haqda: “Ey, Abu Abdulloh yoki Abu Ruvaym, Qur’on o‘qitish uchun o‘tirganingizda har doim xushbo‘ylanib olasizmi?” deb so‘ralganda: “Men xushbo‘ylanmayman, lekin tushimda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ko‘rganman. U zot mening og‘zimga Qur’on o‘qib berganlar. O‘sha vaqtdan beri og‘zimdan ushbu xushbo‘y hid taralib turadi” deganlar. Imom Shotibiy ham manzumalarida bunga ishora qilib aytadilar:
Nofe’ning xushbo‘yligidagi ajib sir,
Madinani manzil etib tanlaganligidir.
Nofe’ga: “Muncha ham yuzingiz porloq, xulqingiz go‘zal!?” deyilgan edi. “Nechuk bunday bo‘lmayin?! Vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam men bilan qo‘l berib ko‘rishganlar. U zotga (tushda) Qur’on qiroat qilib berganman” deganlar.
Qolun ustozi Nofe’ni juda ham ehtirom qilar, uning oldida odob bilan hushyor turardi. Bu haqda o‘zi shunday deydi: “Meni Nofe’ning oldida biror marta uyqu bosmagan. Lekin bir kuni uning huzurida “uxlab qoldi, qiroatimni eshitmaydi” deb biroz uxlamoqchi bo‘ldim. Shunda meni so‘kib berdi. Darrov uning oldida tavba qildim va qayta bunday takrorlamadim”. “Nofe’ biror oyatni betahorat o‘qimagan, men ham biror oyatni betahorat o‘qimaganman. Bunda ajablanarli narsa yo‘q. Darhaqiqat, uning ustozi Abu Ja’far muhojirlar va ansorlar to‘ldirib turadigan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida imom bo‘lgan”.
Qolun Nofe’dan tashqari yana Abu Ja’far Yazid ibn al-Qa’qo’, Iso ibn Vardon va boshqalarga ham Qur’onni o‘qib o‘tkazgan. Qolundan juda ko‘pchilik qiroat ilmini olgan va undan rivoyat qilgan. Ulardan Ibrohim ibn Husayn Kisoiy, Ibrohim ibn Muhammad Madaniy, Ahmad ibn Solih Misriy, Ahmad ibn Yazid Halvoniy, Ismoil ibn Is'hoq al-Qoziy, Hasan ibn Ali ash-Shahham, Husayn ibn Abdulloh al-Muallim, Solim ibn Horun Abu Sulaymon, Abdulloh ibn Iso al-Madaniy va boshqalar.
Qolun bir necha muhaddis ulamolardan ham hadis rivoyat qilgan. Ular Muhammad ibn Ja’far ibn Abu Kasir, Abdurrahmon ibn Abu az-Zinad, Nofe’ ibn Abu Nu’aym va boshqalar.
Qolundan esa Ismoil al-Qoziy, Abu Zur’a ar-Roziy, Ibn Dizil, Muso ibn Is'hoq al-Ansoriy, Ahmad ibn Solih, Abu Nashiyt, Muso ibn Is'hoq, Ali Hisanjoniy va boshqalar hadis rivoyat qilishgan.
Vafoti: Qolun yuz yil umr ko‘rgan va Madinai Munavvarada xalifa Ma’mun davrida hijriy 220-yili vafot etgan. Ba’zi manbalarda boshqa sana qayd etilgan. Imom Zahabiy ushbu sanani aniqroq deb qaydlagan.
Muhammad Zarif Muhammad Olim tayyorladi
[1] Ozod qilingan qul.