O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumani "Batosh" jome masjidi imom-xatibi Shavkat domla Qurbonovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum domlaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Shavkat domla Qurbonovning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yugurish jismoniy mashqlarning qiroli bo‘lib, eng qadimiy sport turlaridan biri hisoblanadi.
Manbalarda keltirilishicha, sahobalar o‘zaro yugurish musobaqasini o‘tkazishar va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallambuni kuzatib turardilar. Hadisi shariflarda Salama ibn Akva’ roziyallohu anhu chopag‘on bo‘lganlari va Nabiy sollallohu alayhi vasallam Hudaybiyadan Madinaga qaytayotganlarida sahobalar yugurishda o‘zaro musobaqalashishganda barchadan o‘zib ketganlari rivoyat qilingan.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning mavlolari Zakvon tez yugirishi bilan mashhur bo‘lgan. U kishi Makka bilan Madina o‘rtasidagi – taqriban 500 kilometr – yo‘lni bir kecha kunduzda bosib o‘tgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam hatto o‘zlari ham ahllari bilan yugurishda musobaqalashganlar. Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam men bilan (yugurishib) musobaqalashgan edilar. Men u zotdan o‘zib ketdim. Biroz vaqtdan keyin go‘shtim ortgandi, ya’ni, semirib qolgandim yana musobaqalashdik. U zot mendan o‘zib ketdilar. Shunda u zot: “Bunisi unisi bilan teng”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Mazkur hadis musulmon kishi o‘z ahllari bilan o‘zaro musobaqalashishi, mahram erkak va ayollar nomahramlar ko‘zi tushmaydigan joyda jismoniy mashqlarni bajarishi joizligiga dalildir. Shuningdek, bu kabi musobaqalar kishining viqori, obro‘si, fazilatiga hech qanday ta’sir etmaydi. Hamda musobaqalashuvchilarning o‘rtalaridagi yoshning tafovuti o‘zaro bellashuvga monelik qilmaydi. Zero, hadisi sharifda keltirilganidek, o‘sha paytda Nabiy sollallohu alayhi vasallam yoshlari ellikdan o‘tgan, Oisha roziyallohu anho esa yosh qiz bo‘lganlar.
Har bir oilada ayniqsa, yoshlar o‘rtasida bu kabi musobaqalarni tashkil etish oilaviy muhitning mustahkamlanishi va jamiyatda sog‘lom avlod tarbiyasida muhim ahamiyatga ega.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘lining
"Islomda salomatlik" kitobidan olindi