Bu kabi ezgu ishlar muborak Ramazon oyida yanada ko‘proq amalga oshirilayotgani insonlar qalbida shukronalik tuyg‘ularini uyg‘otishi tabiiy.
Jumladan, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali jamoasi ham saxovatli ishlarga baholi qudrat o‘z ulushlarini qo‘shib kelmoqda.
Aslida mamlakatimiz bo‘ylab bunday mehr-muruvvat va saxovat aksiyasi yil davomida amalga oshirilib kelinadi. Ayni kunlarda esa mazkur harakat marafon tarzida – keng miqyosda quloch yozgan. Turli darajadagi tibbiy ko‘makka muhtoj yuzlab hamyurtlarimizga shifo maskanida beg‘araz yordam ko‘rsatilyapti. Ular orasida oddiy fuqarodan tortib, Vatanimiz tinchligi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning ota-onalari, oila a’zolari, Qurolli Kuchlar faxriylari bor.
Qo‘li yengil harbiy shifokorlar neyrojarrohlik, ko‘z jarrohligi, yurak-qon tomiri va urologik yo‘nalishdagi murakkab jarrohlik amaliyoti orqali ko‘plab insonlarning dardiga davo topmoqda.
Shuningdek, Markaziy harbiy klinik gospitalning yigirmaga yaqin davolash bo‘limlarida ham turli kasalliklardan aziyat chekayotgan hamyurtlarimizga tegishli muolajalar ko‘rsatilyapti.
Abdulla Barnoyev (Sariosiyo-Uzun voqealarida halok bo‘lgan Ulug‘bek Barnoyevning otasi), Husan Husanov, Bahrom Allayarov (Qurolli Kuchlar faxriylari), Sardor Toshpo‘latov (harbiy xizmatchi), Bahodir Isroilov, Shuhrat Xudoyorov kabi hamyutrlarimiz tajribali harbiy shifokorlarning xizmatlaridan mamnun. Ayniqsa, kasb taqozosi bilan xorijiy davlatlarda ko‘p bo‘lgan Bahodir Isroilov harbiy klinik gospitaldagi xizmat sifati va shart-sharoitlarni chet eldagidan zo‘rroq ekanligini e’tirof etdi.
Jarrohlik bo‘limlarida darddan forig‘ bo‘lgan bu insonlar Markaziy harbiy klinik gospitalida yaratilgan shart-sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga, Mudofaa vazirligi rahbariyatiga, shuningdek tibbiy xizmat polkovnigi Tolib Siddiqov, tibbiy xizmat podpolkovniklari Farhod Umarov va Zuhriddin G‘aniyev, tibbiy xizmat mayori Ulug‘bek Yusupov kabi shifokorlarga cheksiz minnatdorliklarini izhor qilishdi.
Baxtsiz hodisa tufayli qattiq kuyish tashxisi bilan gospitalga olib kelingan buxorolik opa-singil Farangiz va Feruza Do‘stmurodovalarga ham klinika mutaxassislari tomonidan yordam ko‘rsatilyapti.
Asror RO‘ZIBOYEV,
“Vatanparvar” muxbiri.
O‘zA
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati