Ikkinchi o‘n kunligi boshlangan Ramazon oyining sakinati, fayz-barakasi, tarovati yurtimizning har go‘shasida sezilmoqda.
Xususan, masjidlarimiz har qachongidan gavjum bo‘lib, o‘qilayotgan taroveh namozlari, xatmi Qur’onlardan keyin mo‘min-musulmon xalqimiz jamoat bo‘lib qilayotgan duolar sharofatidan bahramand bo‘lyapmiz.
Ota-onaga yaxshilik qilish, isrofdan saqlanish, qo‘shnichilik haqlari, saxiylik kabi taroviholdi suhbatlari, xayr-saxovat tadbirlaridan dillar charag‘on bo‘lmoqda.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi muftiy o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov hamda imom-domlalarimiz tomonidan yurtimizning barcha hududlarida, ko‘p masjidlarda o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom Isro kechasida Ibrohim alayhissalomning oldilaridan o‘tdilar. Ibrohim alayhissalom: "Ey Jabroil, yoningizdagi bu kim?" deb so‘radilar. Jabroil alayhissalom: "Bu Muhammad sollallohu alayhi vasallamdir", deb javob berdilar. Shunda Ibrohim alayhissalom Muhammad sollallohu alayhi vasallamga: "Ummatingizga buyuring, jannat daraxtlarini ko‘p eksinlar. Zero, jannatning tuprog‘i unumdor va yeri juda keng", dedilar. Payg‘ambarimiz alayhissalom: "Jannatning daraxtlari qaysi?" deb so‘radilar. Ibrohim alayhissalom: "Laa havla va laa quvvata illa billah" kalimasi, deb javob berdilar.