Ramazon – iymon va ixlos oyi, ilm va ma’rifat oyi. Shu muborak kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, ustoz Zayniddin domla Samarqand shahridagi "Xo‘ja Is'hoqi Valiy" jome masjidida bo‘ldilar. Ularga viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla hamrohlik qildilar.
Taroveh namozi oldi ustoz Zayniddin domla jamoatga "Mazhab – ummat birligining asosi" mavzusida mav’iza qilib, ulamolar yo‘lidan og‘ishmaslik, mazhabga ergashish Islom ummatining birligi va barqarorligi uchun naqadar muhim ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, mazhabsizlik kishini bid’at va gumrohlikka boshlashi haqida ogohlantirib, haq yo‘ldan yurishning ahamiyatini tushuntirdilar.
Manfaatli suhbatdan so‘ng jamoat bilan birgalikda taroveh namozi ado etilib, xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 7 sentyabr kuni musulmon dunyosining eng nufuzli ilmiy muassasalaridan biri — Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi tomonidan Jidda shahrida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mazkur davlatlararo maqomga ega tashkilot a’zosi sifatida ishtirok etmoqdalar.
Ilmiy-fiqhiy kengashda musulmon olamining ko‘zga ko‘ringan ulamolari, akademiyaga a’zo davlatlarning muftiylari, yetakchi fatvo kengashlari rahbarlari, Al-Azhar singari yirik ilm dargohlarining olimlari hamda nufuzli tadqiqot markazlari professorlari qatnashmoqda.
So‘zga chiqqan notiqlar xotin-qizlarni har qanday shakldagi tazyiq, zo‘ravonlik va kamsitishlardan himoya qilishda din peshvolari hamda ulamolarning o‘rnini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda zo‘ravonlikka qarshi murosasiz muhitni shakllantirishda ilmiy-shar’iy manbalarning ahamiyati haqida nutq qilmoqdalar. Shuningdek, Islom dini ayollar huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini yuksak darajada qadrlashini targ‘ib qilishga alohida urg‘u qaratmoqdalar.
Anjuman tafsilotlarini tarmoqlarimizda kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati