Shu yil 11 mart kuni Ramazon oyi munosabati bilan xayr-saxovat ishlari uyushtirildi.
Namangan viloyati hokimligi hamda Namangan viloyati bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikramov boshchiligida Mingbuloq tumanida nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan bo‘lgan rus, kareys, o‘zbek va tatar millatiga mansub muhtoj kishilar holidan xabar olindi.
Zero, tarixdan ma’lumki, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alahyi va sallam ham bag‘rikenglik tamoyiliga amal qilganlar. U zot o‘zga yurt va din vakillari, ya’ni Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni masjidlariga taklif qilib: “Ular bizning do‘stlarimizni hurmat qilgan edilar. Men ham ularni izzat-ikrom qilishni xush ko‘raman”, deb shaxsan o‘zlari ularga xizmat qilganlar. Bu xayrli ishlar Islomning naqadar bag‘rikeng din ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati