Cavol: Internetda musulmon yurtlardan hijrat qilib ketish farz ekani haqida chaqiriqlarga ko‘zim tushdi, haqiqatan ham hozirda hijrat qilish farzmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Hozirgi kunda musulmon yurtlardan hijrat qilish farz emas. Chunki hijrat kufr diyoridan Islom diyoriga qilinadi. Qadimdan musulmonlarning yeri bo‘lgan va Islom arkonlariga ochiqchasiga amal qilinib kelinayotgan joylar Islom diyori deyiladi. Musulmonlar tinch omon yashayotgan joydan joni, moli va obro‘sini xatarga qo‘yib, harbiy harakatlar ketayotgan joylarga borish hijratning ma’nosiga butunlay ziddir.
Demak, Islom diyorini tashlab ketish shar’iy hijrat deyilmaydi, farz yoki vojiblik kasb qilmaydi, balki oddiy bir manzildan boshqasiga yashash uchun ko‘chish bo‘lib qoladi.
Ulamolarning so‘zlariga ko‘ra hijrat tang holat yuzaga kelganida, ya’ni asosiy farz amallarni bajarish imkoni qolmaganda amalga oshiriladi. Bunga Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning jonlariga suiqasd qilinganda Madinaga hijrat qilishlari va musulmonlarning Habashiston va Madinaga hijrat qilib jon saqlaganlari misol bo‘ladi. Mazkur hijratlar musulmonlarning jonlari, e’tiqodlari va mol-mulklariga nisbatan xatarning o‘ta kuchayganligi oqibatida sodir bo‘lgan.
Xulosa shuki, g‘arazli maqsadlar bilan fitna o‘chog‘iga chaqirayotganlarning da’volari asossiz. Har bir aqlli-mulohazali musulmon inson ularning aldovlariga uchmasligi, mo‘tabar ulamolarimizning ko‘rsatmalariga amal qilishi va musulmonlarning katta jamoatini lozim tutishi kerak. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.