Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Onanizm harommi? Ro‘zaga ta’siri bormi?

14.03.2025   19338   2 min.
Onanizm harommi? Ro‘zaga ta’siri bormi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Cavol: Onanizm (qo‘l bilan shahvatni qondirish)ning hukmi haqida ma’lumot bersangiz. Undan keyin g‘usl qilish shartmi? Ro‘zaga ta’siri bormi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz aytayotgan narsa shar’iy istilohda “istimno” – ya’ni shahvatini o‘z qo‘li bilan qondirish deyiladi. U shariatimizda harom amal sanaladi.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deydi: “Ular avratlarini (haromdan) saqlovchidirlar. Illo, o‘z jufti halollari va qo‘l ostidagilar (cho‘rilar) bundan mustasnodir. Bas, albatta, ular malomat qilinuvchi emaslar. Bas, kimki shundan o‘zgani (harom qilingan narsalarni) istasa, bas, ana o‘shalar haddan oshuvchidirlar (Mo‘minun surasi 5-7-oyatlar).

Qo‘l bilan shahvat qondirishning harom ekaniga ushbu oyati karima dalildir. Ulamolar kishi ayoli yoki qo‘l ostidagi cho‘rilaridan tashqari har qanday yo‘l bilan shahvatini qondirishi – haromdir va qattiq gunohkorlikka sababchidir, deydilar.

Ularning bu fikrlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan: “Qo‘liga nikohlangan la’natlangandir” (Imom Bayhaqiy rivoyati) degan hadis ham qo‘llab quvvatlaydi.

Fiqh kitoblarida uylanishning bir necha darajalarini sanab o‘tilgan. Shulardan kishi agar zino qilib qo‘yish darajasiga borsa, uning uylanishi vojib ekanligi aytiladi. Uylanishga imkoni bo‘lmaganlarni Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam ro‘za tutishga buyuradilar.

Qolaversa, Alloh taolo O‘zining Kalomida: “Nikoh (imkon)ni topa olmaganlar, to Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilgunicha, iffatlarini saqlasinlar”, deya marhamat qiladi (Nur surasi, 33-oyat).

Bu tadbirlarning barchasidan ko‘zlangan maqsad insonni istimno kabi sof insoniy tabiatga zid bo‘lgan jirkanch ishdan tiyilishga undashdir. Qo‘l bilan shahvatni qondirish orqali maniy tushadigan bo‘lsa, g‘usl vojib bo‘ladi va ro‘za buziladi. Bu ishni qilgan odam Ramazondan keyin bir kun qazo ro‘za tutib beradi. Vallohu a’lam.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   13193   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar