Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Axborot xizmati
Xorazm viloyati safari davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Urganch shahridagi “Imom Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bo‘lib, ustoz va talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqotda Muftiy hazratlari so‘nggi yillarda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarga to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, diniy ta’lim sifatini tubdan takomillashtirilgani, yangi diniy ta’lim muassasalarining tashkil etilgani, Toshkent islom institutida magistratura yo‘lga qo‘yilgani, tizimdagi 50 dan ortiq pedagog-o‘qituvchilarning ilmiy darajalarga (PhD va DSc) ega bo‘lgani, shuningdek, yetakchi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik aloqalari kengayayotgani alohida e’tirof etildi.
Shundan so‘ng Muftiy hazratlari ilm olish fazilati, vaqtning g‘animatligi, din va Vatan rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda sohaga sadoqat masalalarida talaba-yoshlarga go‘zal va’z-nasihatlar qildilar. Eng quvonarlisi, bir guruh faol, ilmga chanqoq va qori bo‘lgan iqtidorli talabalarning shartnoma pullari to‘lab berilishi ma’lum qilinib, ularga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Tadbir yakunida Muftiy hazratlari tomonidan diniy ta’lim tizimini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi va ko‘plab malakali shogirdlar yetishtirgani uchun 30 yildan ziyod tajribaga ega bo‘lgan madrasa mudiri Davronbek domla Abduqodirovga “Haj – 2027” yo‘llanmasi tantanali ravishda topshirildi.
Madrasadagi talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar va yangi barpo etilayotgan talabalar turar joyi bilan yaqindan tanishildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati