Samarqand shahrida yashovchi muhtoj va keksa insonlarning holidan xabar olish bo‘yicha xayrli tashabbus amalga oshirildi. Viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov, “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyat filiali rahbari A.Sultonov va “Shohi Zinda” masjidi imom-xatibi S.Mirzayev hamrohligida millati rus bo‘lgan Galashev Dmitriy (1955-y.) va Voronina Marina onaxon (1931-y.) hol-ahvol so‘ralib, Ramazon hadyalari ulashildi.
Tashrif chog‘ida ehtiyojmandlarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Millatidan qat’i nazar, har bir insonga mehr-oqibat va g‘amxo‘rlik qilish xalqimizga xos fazilatdir.
Alloh taolo barcha ezgu ishlarga baraka ato etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Saudiya Arabistoni poytaxtida “WTM Spotlight Riyadh 2026” xalqaro turistik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston turizm industriyasi vakillari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimiz turistik salohiyatini «Asialuxe Travel», «Zamin DMC» va «Bazar Travel» kompaniyalari namoyish etdi. Ular ko‘rgazmaning ishbilarmonlik dasturida faol ishtirok etib, Saudiya Arabistoni hamda boshqa xorijiy davlatlar turizm sohasi vakillari bilan bir qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdilar.
“WTM Spotlight Riyadh” Saudiya Arabistoni turizm bozorining xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro aloqalari uchun asosiy professional maydonlardan biriga aylandi. Ko‘rgazma turoperatorlik biznesi, qabul qiluvchi kompaniyalar, mehmonxona sektori, aviatsiya tarmog‘i, turistik texnologiyalar va industriyaning boshqa yo‘nalishlari vakillarini birlashtirdi. Tadbirda mintaqaviy va xalqaro tashrif buyuruvchilar, 450 dan ortiq eksponentlar hamda 30 dan ortiq mamlakat vakillari qatnashdi.
Uch kun davomida o‘zbekistonlik kompaniyalar vakillari saudiyalik turoperatorlar, turistik agentliklar va bozorning boshqa ishtirokchilari bilan muzokaralar o‘tkazdilar. Muloqotlarda sheriklik dasturlarini rivojlantirish, Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish hamda yangi qo‘shma turistik mahsulotlarni shakllantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
O‘zbekistonni madaniy-ma’rifiy, oilaviy, premium va individual turizm uchun jozibador yo‘nalish sifatida targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi. Saudiyalik hamkorlarga Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va mamlakatimizning boshqa hududlarining turistik imkoniyatlari, Buyuk ipak yo‘lining tarixiy merosi, zamonaviy mehmonxona infratuzilmasi, milliy taomlar hamda individual va guruhli turistik dasturlarni tashkil etish imkoniyatlari namoyish etildi.
O‘zbekiston turizm tarmog‘i vakillari, shuningdek, saudiyalik hamkorlar bilan sayyohlarni kutib olishni tashkil etish, Ko‘rfaz mamlakatlaridan keluvchi sayohatchilarning afzalliklarini hisobga olgan holda ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlarni ishlab chiqish hamda Saudiya Arabistoni bozorida O‘zbekistonning turistik salohiyatini yanada targ‘ib qilish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbek turistik kompaniyalarining “WTM Spotlight Riyadh 2026” ko‘rgazmasidagi ishtiroki podshohlik turistik biznesi vakillari bilan bevosita aloqalarni kengaytirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini izlash uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati