Samarqand shahrida yashovchi muhtoj va keksa insonlarning holidan xabar olish bo‘yicha xayrli tashabbus amalga oshirildi. Viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov, “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyat filiali rahbari A.Sultonov va “Shohi Zinda” masjidi imom-xatibi S.Mirzayev hamrohligida millati rus bo‘lgan Galashev Dmitriy (1955-y.) va Voronina Marina onaxon (1931-y.) hol-ahvol so‘ralib, Ramazon hadyalari ulashildi.
Tashrif chog‘ida ehtiyojmandlarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Millatidan qat’i nazar, har bir insonga mehr-oqibat va g‘amxo‘rlik qilish xalqimizga xos fazilatdir.
Alloh taolo barcha ezgu ishlarga baraka ato etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:
– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;
– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;
– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.
Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati