O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Buyuk vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur Moturidiyning (keyingi o‘rinlarda – Imom Moturidiy) ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganishni rag‘batlantirish, moturidiylik ta’limotiga xos bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida qaror qilaman:
1. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Samarqand viloyati hokimligi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2025 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov) ikki hafta muddatda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini allomaning islom olamidagi obro‘-e’tibori va nufuziga munosib tarzda yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutadigan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin:
(a) 2025 yil aprel oyida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish;
(b) xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, g‘oliblar ishtirokida O‘zbekistonda madaniy-ma’rifiy uchrashuv va seminar-treninglar tashkil etish;
(v) Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish;
(g) Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlangan esdalik suvenirlarini muomalaga chiqarish hamda pochta markalari, taqvimlar, buyuk mutafakkirning hayoti va ilmiy merosini yoritib beradigan boshqa ko‘rgazmali axborot vositalari turkumini yaratish;
(d) Imom Moturidiyning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish;
(ye) Samarqand viloyatida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti yo‘nalishida faoliyat olib borgan allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy merosiga bag‘ishlangan asarlarning nodir qo‘lyozma va nashr nusxalari hamda kitoblari ko‘rgazmasini tashkil etish;
(j) Samarqand shahridagi Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish.
4. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
(a) Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birgalikda 2025 yil may va oktyabr oylarida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini hamda ilmiy maqolalar tanlovini o‘tkazsin;
(b) moturidiylik ta’limotiga mansub allomalarning ilmiy merosi va noyob qo‘lyozma asarlarni o‘rganish bo‘yicha Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini belgilangan tartibda shakllantirib borsin.
5. O‘zbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar hamda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Moturidiylik ta’limoti bilimdoni” tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tavsiya etilsin.
6.Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2025 yil davomida joylarda Imom Moturidiyning ilmiy merosiga bag‘ishlangan davra suhbatlarini tashkil etsin.
7. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda:
(a) xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga mansub allomalarning hayoti va ilmiy merosiga oid noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etsin;
(b) Imom Moturidiyning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan yuqori sifatli mediamahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish, internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish choralarini ko‘rsin.
8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasiga Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev
manba: https://president.uz/uz/lists/view/7946
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati