Ilm insonning eng katta, kamaymas, unga sharaf keltiradigan boyligidir. Unga ega bo‘lgan odam nafaqat o‘z hayotini, balki butun insoniyat kelajagini ham ravshanlashtiradi. Haqiqiy olimlar ilm orqali jahon taraqqiyotiga hissa qo‘shadilar, jamiyatga foyda keltiradi, odamlar hayotini yaxshilashga xizmat qiladi. Tarixdagi ulkan olimlar – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ibn Sino, Beruniy, Al-Xorazmiy kabi allomalarimiz dunyo tamadduniga mislsiz hissa qo‘shgan ana shunday ajdodlarimizdan. Ular bizga qoldirib ketgan ilmiy merosni qadrlashga, kelajak avlodlarga yetkazishga bo‘lgan e’tibor esa, kishini to‘lqinlantiradi.
Dunyo musulmonlari qatorida Ramazon oyi shukuhidan bahramand bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz kecha yana bir tarixiy, quvonchli hodisaga guvoh bo‘lishdi. Ulug‘ vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur Moturidiyning 1155 yilligini keng miqyosda nishonlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilinishi juda ko‘pchilikni mamnun etdi.
Qaror bilan tanishar ekansiz, beixtiyor “Olim bo‘lsang, olam seniki” iborasi yodga keladi. Chunki ilmli odam jamiyatda hurmatga sazovor bo‘ladi, o‘z fikri va bilimi bilan nafaqat o‘z davri, balki asrlar osha bashariyat ravnaqiga xizmat qiladi. Qarorda keltirilgan bandlar ham shunga monand. Uning negizini ham ilmga targ‘ib, xalqaro va yurtimiz miyosida ilmiy suhbat, anjumanlar o‘tkazish, ilm ahlini rag‘batlantirish kabi ezgu ishlar tashkil qiladi. Unda joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman qilish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, g‘oliblar ishtirokida O‘zbekistonda madaniy-ma’rifiy uchrashuv va seminar-treninglar uyushtirish kabi xalqaro jamoatchilik e’tiborini jalb etishga doir ishlar ko‘zda tutilgan. Ayni paytda, yurtimiz bo‘ylab ham ilmga, alloma merosini o‘rganishga keng targ‘ib qilingan. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar hamda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Moturidiylik ta’limoti bilimdoni” tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tavsiya etilgan. Shuningdek, bir qator tegishli tashkilotlar hamkorligida yil davomida joylarda Imom Moturidiyning ilmiy merosiga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkazib borilishi, xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga mansub allomalar hayoti, ilmiy merosiga oid noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etish ishlari belgilangan.
Ta’kidlash kerakki, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik ta’limotiga oid asarlar o‘z davrida adashgan toifalarga raddiya berishda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan. Mazkur bebaho ma’naviy meroslar hozirgi murakkab davrda ham juda muhim ahamiyatga egadir.
Darhaqiqat, har qanday jamiyatning taraqqiyoti va rivoji ilm ahliga bo‘lgan e’tibor bilan chambarchas bog‘liq. Ilm-ma’rifatni ustuvor qo‘ygan davlatlar doim taraqqiy etgan. Ulardan buyuk olimlar yetishib chiqqan va jahon miqyosida o‘z o‘rnini topgan. Bugungi kunda ko‘plab taraqqiy etgan davlatlar qatori yurtimizda ham ilm ahli uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Zero, ularga e’tibor berilishi jamiyatda ma’naviy yuksalishni ham ta’minlaydi. Chunki bilimli insonlar nafaqat fan va texnologiya sohasida, balki madaniyat, ma’rifat va axloq sohasida ham ulkan ta’sir ko‘rsatadi.
Zayniddin domla Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati