Ancha yillar oldin bayram arafasida kechqurun bir sinfdoshimiznikiga yig‘ildik. Nimadir olib kelish kerak bo‘lib, ikki qurdosh mototsiklga minib jo‘nab ketdi. O‘n daqiqalik yo‘lga ketgan yigitlar yarim soat o‘tsa ham, qaytib kelmadi. Fe’li torroq ayrim sinfdoshlarim tajang bo‘la boshladi. Nihoyat, chamasi bir soatlar o‘tib, ikkisi kirib keldi. Chang-tuproqqa belangan, qo‘l-oyoqlari shilingan edi.
– Nima bo‘ldi? – deb so‘rasak, ulardan biri javob berdi:
– Yaxshigina kelayotuvdik, yo‘lda oldimizdan qora mushuk o‘tib qolsa bo‘ladimi, manovi dovdir, – deya boshi bilan sherigiga ishora qilib gapida davom etdi, – “Voy, qora pishak”, deb mototsiklni burib yubordi-da, to‘g‘ri o‘qariqqa borib qadalib qoldik.
Keyin muhokama avj oldi. Biri qora mushuk yo‘lni kesib o‘tsa, falokat bo‘lishini aytsa, ikkinchisi inkor qilib: “U bir mushuk bo‘lsa, o‘tadi-ketadi-da, shunga ota go‘ri qozixonami?!” derdi.
Yana ko‘p davralarda, hatto g‘ayridinlar orasida ham yo‘lni qora mushuk kesib o‘tishi falokat belgisi, degan irimni eshitib hayron bo‘laman.
Eng qizig‘i, ba’zi odamlar bu ishni mushukning o‘zi qiladi, deb tushunsa-da, uni Alloh baxtsizlik belgisi qilib yo‘lga chiqarib qo‘yadi, deb hisoblaydi. Ular shu xato tushunchasi bois yo‘lini qora mushuk kesib o‘tib qolgudek bo‘lsa, hovliqib, dovdirab qolganidan ulovini o‘zi bir joyga burib yuborib, bir narsaga urib oladi. Keyin o‘sha hodisani qora mushukning yo‘lini kesib o‘tganiga bog‘laydi.
O‘zining taqdirini allaqanday maxluqning harakatiga bog‘liq, deb tushunish iymonining zaifligidan. Bunday odamlar barcha voqea-hodisalar faqat Alloh taoloning iznu irodasi ila yuz berishini oxirigacha tushunib yetmaydi.
Shunday ekan, qora mushukdan qo‘rqib, uni qiyinchiliklarning xabarchisi ekaniga ishonish – jaholat belgisi. Biz aslida bu dunyoda ham, u dunyoda ham baxtsizlikka sabab bo‘ladigan gunoh ishlarni qilib qo‘yishdan qo‘rqmog‘imiz kerak.
Damin JUMAQUL,
"Mo‘minalar" jurnali 2-sonidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV