Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Dam shu damdir: shukrni kechiktirmang!

17.03.2025   21416   2 min.
Dam shu damdir: shukrni kechiktirmang!

Boy odam derazadan qarab, faqirga ko‘zi tushdi. U chiqindi titib yurardi. Shunda boy odam “Allohga shukrki, meni nochor hayotda yashatmadi”, dedi.
 

Nochor odam chiqindilardan ul-bul narsa topib, endi ketayotganida oldidan bir nogiron o‘tib qoldi. “Faqir bo‘lsam-da, sog‘lomman, alhamdulillah!” dedi uni ko‘rganida.
 

Nogiron odamning oldidan esa bir-birini yetaklagan ko‘zi ojizlar chiqdi. “Vujudimda nogironlik bo‘lsa-da, bu olamni ko‘rib yashayapman, O‘zingga shukrlar bo‘lsin!” dedi u ham.
 

Ko‘zi ojizlar shifoxonaga borishdi. Navbat kutib turganlarida bir kishining vafot etganini eshitishdi. “Allohga shukr, bizni shu holimizda bo‘lsa ham yashatmoqda, fursat bermoqda”, deyishdi o‘zaro.
 

Faqat o‘lgan odam Allohga bir og‘iz hamd aytish imkonini ham boy berib bo‘lgandi...
 

Shunday ekan, nima uchun bugun ko‘pchiligimiz Allohga shukr aytishni unutib, shikoyatimiz ko‘payib ketmoqda. Axir, Alloh bizga hayot, rizq, inson uchun nima kerak bo‘lsa, hamma ne’matlarini berib qo‘ygan-ku! Yaxshilab o‘ylab ko‘rsak, bizning tashvishimiz, erishishni istab, tunu kun g‘am chekkan narsalarimiz asl zaruratdan tashqari bo‘lib chiqadi.
 

Qarang, bugun yana bir yangi tongni ko‘rdik. Dasturxonda osh-nonimiz, boshimizda boshpanamiz bor, tanda jonimiz salomat. Holbuki, bu kunga, bu yilgi Ramazonga yetmaganlar qancha?..
 

Shunday ekan, Ramazon oyida, avvalo, ota-onamiz, o‘zimiz, oilamiz, qolaversa, barcha ummat uchun duolar qilaylik. Zero, Alloh bizga berayotgan ne’matlari uchun shukr qilsak, ziyoda qilishini aytgan: «Va Robbingizning «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb e’lon qilganini ham eslang» (Ibrohim surasi, 7-oyat). 
 

Demak, berilgan ne’matlarga shukr aytish insonning to‘g‘ri yo‘lda ekanini bildiradi. Dam shu damdir, o‘zga damni dam dema, joning omon, davlatingni kam, dema.
 

Berilgan ne’matlardan foydalanib, yaxshi amallarni ko‘paytiraylik, azizlar!
 

Akbarshoh Rasulov

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom instituti va Hadis ilmi maktabida ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi

10.08.2026   8204   1 min.
Toshkent islom instituti va Hadis ilmi maktabida ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi

Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
 

Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:

  • Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;

  • Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;

  • Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.


Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.


Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.

Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari