Muhtaram Prezidentimizning "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga binoan bu yilgi qutlug‘ oy "Ramazon - saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi" shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Bugun 16 mart kuni Namangan viloyat bosh imom xatibi Musoxon domla hamda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan imom xatib va imom noiblari ishtirokida Namangan viloyatining uchta hududida Davlatabod, Uychi, va Chortoq tumanlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbiri tashkil etildi. Tadbir davomida 1 gektar joyga 3500 tupdan ortiq manzarali ko‘chatlar ekildi.
Shu kunlarda o‘lkamizning turli hududlarida diniy soha xodimlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlarida faollik bilan ishtirok etmoqdalar. "Tabiat – Alloh taoloning omonatidir" shiori ostida keng jabhada ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Shu yil 20-26 mart kunlari Iordaniya Hoshimiylar podshohligida 20-xalqaro Qur’on tilovati va yodlash musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom bilim yurtining 2-kurs talabasi Muhammadamin qori Ahmadho‘jayev Vatanimiz sha’nini himoya qiladi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu musobaqa Iordaniyaning Islomiy ishlar va ziyoratgohlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad yosh avlodni Qur’oni karim ko‘rsatmalariga amal qilishga o‘rgatish sanaladi. Musobaqa podshoh Abdulloh II ning bevosita homiyligi ostida o‘tkazilmoqda.
Alloh taolo hamyurtimiz Muhammadamin qoriga muvaffaqiyat va zafar ato etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati