Ramazoni sharifda diniy-ma’rifiy sohadagi barcha ishlarni o‘zgacha ruh va kayfiyat qurshab oladi. Xususan, ulug‘ oydagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqoti ko‘plab muammolar o‘z yechimini topishida muhim omil bo‘lmoqda.
Ana shunday qabullardan biri bugun, 19 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdilar. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatib faoliyati, haj, oilaviy kelishmovchilik, diniy ta’lim hamda moddiy yordam olish singari masalalarning aksariyati ijobiy hal etildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Mana shunday samimiy qabul va Ramazon hadyalaridan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lib, xayrli duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati