Hakimul ummat, Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy quddisa sirruh bunday deydilar: “Qalbga, biron yaxshi amalni qilib olayin, degan uy kelishi so‘fiylar istilohida “vorid” deyiladi. Ya’ni, men shu savob ishni qilayin, namoz o‘qib olayin, tahajjudga turayin, sadaqa berayin, birodarimga yordam qilayin, do‘stimning g‘amini ketkazayin, degan kabi o‘ylar kelishini “vorid” deydilar.
“Vorid” Alloh taolo tarafidan kelgan mehmondir. Agar sen bu mehmonni biroz bo‘lsa ham izzat qilsang, mehmonnavozlik ko‘rsatsang, u holda u yana keladi. Qaysi yaxshi amalni qilish fikri qalbingga kelsa, o‘sha zahoti uni bajarish mehmonnavozlikdir. Agar sen bir martta mehmonnavozlik qilmasang, u mehmon juda hurmatga sazovor bo‘lgani sababli huzuringa boshqa kelmay qo‘yadi. Uning qaytib kelmay qolishidan panoh so‘ragin. U mehmon qaytib kelmay qolishi, degani, endi qalbga yaxshi amal qilish fikri kelmaydi deganidir. Alloh taolo saqlasin. Qalbga muhr bosilsa, zang qoplasa, ana o‘shanda yaxshi amal qilish fikri kelmay qoladi".
“Nasihatlar guldastasi”dan.
Ayni kunlarda Namangandagi "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mazkur diniy ta’lim muassasasida bo‘lib, 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Muftiy hazratlari abituriyentlar va ularning yaqinlari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, sinovlarning ochiqlik, shaffoflik va xolislik tamoyillari asosida o‘tishini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan tashkiliy chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratdilar.
Xususan, imtihon zallari to‘liq videokuzatuv tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, ota-onalar kutish maydonchalarida jarayonni onlayn kuzatib bormoqdalar. Savollar xavfsizligi hamda xolis baholash tizimi qat’iy nazoratga olingan.
Muftiy hazratlari imtihon topshirayotgan yoshlarning ota-onalari bilan dildan suhbatlashib, ularning fikr-mulohazalarini tingladilar va abituriyentlar haqiga muvaffaqiyat tilab duo qildilar.
Respublika bo‘yicha imtihonlar hududlar kesimida tasdiqlangan reja-grafik asosida bo‘lib o‘tadi. Kirish test sinovlari o‘tkaziladigan aniq sanalar va imtihon manzillarining to‘liq ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin: https://t.me/qabulmuslimuz.
Imtihon yangiliklarini @qabulmuslimuz telegram kanali orqali kuzatib borishingiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati