Xalqimizda: “Hamal keldi – amal keldi” degan hikmatli so‘z bor. Hamal kirishi bilan dalalarda ish qaynaydi. Ekin-tikinlar ekiladi, ko‘chatlar o‘tqaziladi. Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida ko‘chatlar o‘tqazish avjiga chiqqan.
Kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov, O‘zMI mas’ul xodimlari, imom-xatiblar Ohangaron tumani hududiga ko‘chatlar ekishdi.
Yerga qadalgan 40 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ildiz otib, ko‘kka bo‘y cho‘zib, barchaga foydali ulkan daraxtlar bo‘ladi, inshoalloh.
Zotan, dinimizning ta’limoti ham atrof-muhitni musaffo holida saqlashga targ‘ib etadi.
Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Bir kishi Damashq ko‘chalarining biridan o‘tayotsa, ko‘cha ekayotgan odamga ko‘zi tushibdi va unga: “Nega bu ishni qilayapsiz, axir siz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalaridansiz-ku?” debdi. Shunda u kishi: “Sen shoshma, men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bir ko‘chat eksa, undan odam yoki Alloh yaratgan maxluqotlardan birontasi yesa, buning evaziga o‘sha (ko‘chat ekkan banda)ga sadaqa bo‘ladi”, deganlarini eshitganman”, debdi” (Imom Ahmad rivoyati).
Haqiqatan, bizlardan oldin o‘tganlar ko‘chat ekishdi, biz ular ekkan daraxtlarning mevalarini yeyapmiz. Endi navbat bizga: biz ekamiz, keyingi avlodlar yeydilar, inshoalloh.
Alloh taolo yurtimizni bog‘u bo‘stonga, chamanzorga aylantirsin.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Imtihonlar Urganch tumanidagi Bilim va malakalarni baholash agentligining Xorazm viloyati bo‘limi binosida yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur hudud bo‘yicha test sinovlarida jami 289 nafar abituriyent ishtirok etishi belgilangan.
Mazkur jarayonlarning ochiq, adolatli va tasdiqlangan nizomlar asosida o‘tishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ullari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, soha mutaxassislari hamda mustaqil kuzatuvchilar jalb etilgan.
Manzil: Urganch tumani, Yuqoriovul QFY, Yuqorido‘rmon MFY. Murojaat uchun telefon: +99 899 775 93 45
Qabul jarayonlari bo‘yicha rasmiy kanal: t.me/qabulmuslimuz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati