Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

Ko‘chat ekish sadaqai joriyadir

19.03.2025   9496   1 min.
Ko‘chat ekish sadaqai joriyadir

Xalqimizda: “Hamal keldi – amal keldi” degan hikmatli so‘z bor. Hamal kirishi bilan dalalarda ish qaynaydi. Ekin-tikinlar ekiladi, ko‘chatlar o‘tqaziladi. Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida ko‘chatlar o‘tqazish avjiga chiqqan.

Kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi  Doniyor domla Ikromov, O‘zMI mas’ul xodimlari, imom-xatiblar Ohangaron tumani hududiga ko‘chatlar ekishdi. 

Yerga qadalgan 40 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ildiz otib, ko‘kka bo‘y cho‘zib, barchaga foydali ulkan daraxtlar bo‘ladi, inshoalloh.

Zotan, dinimizning ta’limoti ham  atrof-muhitni musaffo holida saqlashga targ‘ib etadi.

Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Bir kishi Damashq ko‘chalarining biridan o‘tayotsa, ko‘cha ekayotgan odamga ko‘zi tushibdi va unga: “Nega bu ishni qilayapsiz, axir siz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalaridansiz-ku?” debdi. Shunda u kishi: “Sen shoshma, men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bir ko‘chat eksa, undan odam yoki Alloh yaratgan maxluqotlardan birontasi yesa, buning evaziga o‘sha (ko‘chat ekkan banda)ga sadaqa bo‘ladi”, deganlarini eshitganman”, debdi” (Imom Ahmad rivoyati).

Haqiqatan, bizlardan oldin o‘tganlar ko‘chat ekishdi, biz ular ekkan daraxtlarning mevalarini yeyapmiz. Endi navbat bizga: biz ekamiz, keyingi avlodlar yeydilar, inshoalloh.

Alloh taolo yurtimizni bog‘u bo‘stonga, chamanzorga aylantirsin.

Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati

Ko‘chat ekish sadaqai joriyadir Ko‘chat ekish sadaqai joriyadir Ko‘chat ekish sadaqai joriyadir Ko‘chat ekish sadaqai joriyadir Ko‘chat ekish sadaqai joriyadir
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ota-onani hurmatlash odoblari

08.08.2026   18551   1 min.
Ota-onani hurmatlash odoblari

Ota-onaning roziligini olishga intilish fazilati barcha fazilatlarning negizi, borliqdagi har qanday haq-huquqlarning kelib chiqadigan asosidir.

Ota-onalar, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan tarbiyachilar farzandlarga quyidagi odatlarni singdirishlari maqsadga muvofiq: 
 

Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).

Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.

“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws