Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448
Yangiliklar

Talabalar bilan ijtimoiy muammo va milliy qadriyatlar bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi

19.03.2025   29501   2 min.
Talabalar bilan ijtimoiy muammo va milliy qadriyatlar bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida juda muhim an’ana yo‘lga qo‘yilgan. Bu institut rahbariyatining talabalar bilan doimiy muloqotda bo‘lib turishini o‘z ichiga oladi. Kuni kecha mazkur an’ananing amaliy ko‘rinishi sifatida dolzarb mavzuda navbatdagi davra suhbati tashkil etildi.
 

Institut rektori Uyg‘un G‘afurov, Ilmiy ishlar va fan bo‘yicha prorektor Soatmurod Primov, “Qur’on ilmlari” kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne’matov talaba-qizlar bilan bugungi kunning muhim masalalari, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida turli salbiy holatlarning oldini olish borasidagi targ‘ibot ishlarida yangicha yondashuvlarni qo‘llash yuzasidan davra suhbati o‘tkazdi.


Uchrashuv ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy va siyosiy sohalarni o‘z ichiga qamrab oldi. Talaba-qizlarning ish samaradorligi nafaqat institut yoki diniy soha doirasida, balki ularning jamiyat oldidagi fuqarolik pozitsiyasi, Yangi O‘zbekistonning ma’rifatli ayoli timsolini shakllantirish yuzasidan mas’uliyatlari haqida to‘xtalib o‘tildi.


Talabalarga mahalliy va xalqaro miqyosda amalga oshiralayotgan muhim siyosiy jarayonlar haqida ma’lumot berilib, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning mazmun-mohiyati ochib berildi.


Davra suhbati qizg‘in va faol muloqot shaklida o‘tkazilib, ustozlar talabalarni ilmiy jihatdan shijoatlantirdi hamda yuqori muvaffaqiyatlarga erishish usullari va ularning tadrijiy bosqichlari borasida tavsiyalar berildi.


Shuningdek, uchrashuvda institut rektori U.G‘afurov talabalarning ilmiy izlanishlari muhimligini ta’kidlab, Davlat Rahbarining O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi markaziga qilingan tashrif doirasida diniy-ma’rifiy soha vakillari oldiga qo‘ygan muhim vazifalarini va hamda talabalarning bu vazifalarni bajarishga salohiyatli kadr bo‘lishlari muhimligini eslatib o‘tdi.


Suhbat xayrli duo bilan yakunlandi. Unda ustozlar Yaratgandan talabalarning ilmiy faoliyatlariga muvaffaqiyat va baraka so‘radi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

 

Talabalar bilan ijtimoiy muammo va milliy qadriyatlar bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi Talabalar bilan ijtimoiy muammo va milliy qadriyatlar bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkentda "Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh – yangi kashfiyotlar" xalqaro mediaforumi ochildi

25.08.2026   6772   6 min.
Toshkentda

Toshkentda 25 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.


Marosim O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta konferens-zalida o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga «Jahon jamoatchiligining Islom sivilizatsiyasi markaziga nigohi» maxsus filmi namoyish etildi.


Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi, Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari Sherzod Asadov tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi maslahatchisi Muzaffar Komilovning forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi Rahmatulla Arziyev o‘qib eshittirdi.

 


Forum ishtirokchilariga yo‘llangan qutlov so‘zlarida  xorijiy mehmonlar va media hamjamiyati vakillariga minnatdorlik bildirildi. Forumning professional muloqot, xalqaro hamkorlik va O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini ilgari surish maydoni sifatidagi ahamiyati ta’kidlandi.

 

 


Marosimning asosiy voqealaridan biri Euronews bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtrunsning «Yangi yaqinlik: madaniyat, media va g‘oyalar orqali Yevropa va Markaziy Osiyoni birlashtirish — Islom sivilizatsiyasi markazi global axborot makonida» mavzusidagi maxsus ma’ruzasi bo‘ldi.


Shtruns islom sivilizatsiyasining tarixiy, ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini zamonaviy media formatlar orqali jahon auditoriyasiga yetkazish, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.


Uning qayd etishicha, media vositalari turli mamlakatlar va jamiyatlar o‘rtasida nafaqat axborot almashinuvini ta’minlashi, balki muloqot uchun ko‘priklar ham qurishi kerak.

«Media vositalari fikrlar va yangiliklar almashinuvi uchun ko‘priklar qurishi mumkin va qurishi shart. Axir media kommunikatsiyasining mohiyati ham aynan shunda — ko‘priklar qurishda. Bugun bu yerda, qadimiy Ipak yo‘lida, kelajagimiz uchun aynan shu jarayon sodir bo‘lmoqda», — dedi Klaus Shtruns.


Euronews rahbari Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi axborot makonini yanada yaqinlashtirishni tarixiy Ipak yo‘li an’analari bilan qiyosladi. Uning ta’kidlashicha, mintaqalar o‘rtasidagi zamonaviy media aloqalar iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ham ochishi mumkin.

«Ipak yo‘lida axborot oqimi qanday kechgan bo‘lsa, bir-birimiz bilan muloqot qilish, bir-birimizning tilimizni tushunish ham shunday bo‘lsin. Bu oddiy texnik jarayondan ko‘ra kengroq tushuncha. Bu haqiqiy hamkorlikning yangi ko‘rinishi, kelajakdagi butun iqtisodiy taraqqiyot uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘ladigan yangi axborot makonidir», — dedi u.


Klaus Shtruns, shuningdek, O‘zbekistonda yosh avlodning katta ulushga ega ekanini alohida qayd etib, bu mamlakatning kelajagi uchun ulkan imkoniyat ekanini ta’kidladi. U turli mamlakatlar yoshlarini birlashtiruvchi media va madaniy loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi.


Uning fikricha, turli sohalar — sport, ilm-fan, ta’lim va madaniyat vakillaridan iborat yoshlarni bir joyga to‘plab, ularning tajriba almashinuvi, hujjatli filmlar suratga olishi va qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish mumkin. Bunday tashabbuslar orqali mamlakatlar va mintaqalar yoshlari o‘rtasida yangi aloqalarni shakllantirish mumkin.

«Bu faqat chiroyli nutqlarda emas, balki aniq va amaliy loyihalarda o‘z ifodasini topishi kerak», — dedi Euronews bosh direktori.


Shtruns media sohasidagi innovatsiyalar ham aynan shu maqsad — o‘tmish merosini asrab, kelajakni birgalikda yaratishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

«Eng muhimi, media doimo innovatsiyalarni harakatga keltiruvchi kuch bo‘lishi kerak. Ammo bu innovatsiyalar bugun men eshitgan ajoyib maqsadga xizmat qilishi lozim: media sohasida innovatsiyalarni ilgari surish, qalbimizda o‘tmishni asrab, kelajakni yaratish», — dedi u.


Euronews rahbari forumda ishtirok etishni media sohasining jamiyat oldidagi mas’uliyati bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, jurnalistika va media faoliyati faqat biznes yoki kasb emas, balki turli jamiyatlarni yaqinlashtirishga xizmat qiladigan muhim vazifadir.

«Ushbu noodatiy tadbirda media hamkor sifatida ishtirok etayotganimizdan faxrlanamiz. Biz uchun bu shunchaki biznes emas, oddiy kasb ham emas. Bu — o‘z burchimiz va da’vatimizdir», — dedi Klaus Shtruns.


Shu tariqa, forumning ochilish marosimida media sohasining zamonaviy vazifalari, xalqaro axborot hamkorligini rivojlantirish, madaniy merosni yangi formatlarda jahon auditoriyasiga taqdim etish va turli mintaqalar o‘rtasida yangi axborot ko‘priklarini barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 


O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU Boshqaruv raisi Firdavs Abduxaliqov «Islom sivilizatsiyasi markazi — yangi turdagi madaniy-ma’rifiy media platforma» mavzusida maxsus ma’ruza qildi.


Abduxoliqov Markaz konsepsiyasini tarixiy meros, ilm-fan, muzey ishi va yangi medialarni birlashtiruvchi zamonaviy xalqaro maydon sifatida taqdim etdi. U islom sivilizatsiyasi merosi hujjatli filmlar, televizion loyihalar, raqamli rekonstruksiyalar, multimedia va immersiv ekspozitsiyalar, shuningdek, nashriyot tashabbuslarida qanday yangi talqin kasb etayotgani haqida ma’lumot berdi. Markazning xalqaro media loyihalari, dunyodagi yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi, shuningdek, tarixiy merosni o‘rganish va ommalashtirishda sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 


Marosim ishtirokchilariga, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi haqida prezentatsion rolik namoyish etildi.


Xalqaro mediaforumda 50 ta davlatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili ishtirok etmoqda. Ular orasida xalqaro telekanallar va axborot agentliklari rahbarlari hamda vakillari, jurnalistlar, noshirlar, kinematografistlar, olimlar, tadqiqotchilar va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari bor. 

iccu.uz 

Toshkentda Toshkentda Toshkentda Toshkentda Toshkentda Toshkentda
O'zbekiston yangiliklari