Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyati filiali hamda filial tasarrufidagi “Shohi Zinda” ziyoratgohi mutasaddilari hamkorligida xayriya tadbiri tashkil etildi.
Saxovatpesha, jo‘mard homiylarni jalb qilgan holda o‘tkazilgan tadbir davomida Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi, moddiy yordamga juda muhtoj, bemori bor 40 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari xayriya sifatida berildi.
Bundan tashqari, moddiy tomondan qiynalgan bir qancha oilalarga homiylar tomonidan pul mablag‘lari ham xayriya sifatida topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrati Muoviyaning davrlarida ikki odam janjallashib qoldi. Janjal asnosida biri boshqasining tishini urib sindirdi. U singan tishini olib, Muoviya roziyallohu anhuning huzurlariga bordi va: «Tishning qasosi tish bo‘ladi, shuning uchun qasos olib bering», dedi.
Hazrati Muoviya: «To‘g‘ri, sening haqqing bor, lekin nima foyda? Sening tishing-ku sinib bo‘ldi. Unikini ham sindiraylikmi? Uning o‘rniga tishingning xunini ol, xun evaziga murosa qil», dedilar.
U kishi: «Men aynan o‘sha tishini sindirib qasos olaman», dedi. Muoviya roziyallohu anhu unga yana qayta tushuntirdilar. Lekin u ko‘nmadi. Hazrati Muoviya keyin: «Undoq bo‘lsa yur, uning ham tishini sindiramiz», dedilar.
Yo‘lda mashhur sahoba Abu Dardo roziyallohu anhu o‘tirgan edilar. U zot shunday dedilar: «Birodar! Qara, sen-ku qasos olyapsan. Lekin bu gapni ham eshitib ket. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim birovga aziyat yetkazsa va aziyat yetgan kimsa uni kechirib yuborsa, Alloh taolo uni afvga eng ko‘p muhtoj bo‘ladigan kunda (ya’ni oxiratda) afv qiladi», deganlarini eshitganman».
Boyagina g‘azabga minib, xun haqi olishga hech rozi bo‘lmay turgan odam ushbu hadisni eshitgach: «Siz bu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganmisiz?» deb so‘radi. Abu Dardo roziyallohu anhu: «Ha, eshitganman, mening mana shu quloqlarim eshitgan», dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan