Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ikki xislat bor. Qaysi bir musulmon banda uni doim bajarib yursa, jannatga kiradi, dedilar. Ular yengil, ammo unga amal qiladiganlar oz. Birinchisi, har bir namoz so‘ngida o‘n marta «subhanalloh», o‘n marta «alhamdu lillah», o‘n marta «Allohu akbar», deyish. Bu bir kunda tilda 150 ta, mezonda bo‘lsa, 1500 tadir. Ikkinchisi, to‘shakka kirganda, (uxlashdan oldin) o‘ttiz to‘rt marta «Allohu akbar», o‘ttiz uch marta «alhamdu lillah» o‘ttiz uch marta «subhanalloh, desa, tilida 100 ta, mezonda esa, 1000 ta bo‘ladi», dedilar.
Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni uni qo‘llari bilan ta’kidlaganlarini ko‘rdim. Sahobalar: «Yo Rasululloh, nima uchun yengil bo‘lsa ham, uni bajaradiganlar oz?» deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bir kishi uxlashni xohlagan paytda shayton kelib, mana shu kalimalarni aytishdan oldin uxlatib qo‘yadi. Namoz o‘qib bo‘lganidan keyin ham shayton kelib, mana shu kalimalarni aytishidan oldin unga bir zarur ishni eslatadi», dedilar».
Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyatlari.
«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi 4545-hadis sharhida «Har bir namozdan keyin o‘n marta tasbeh aytadi, o‘n marta Allohga hamd aytadi va o‘n marta takbir aytadi. O‘sha hammasi tilda bir yuz ellikta» deyilganda besh vaqt namoz ko‘zda tutilgan.
Bu yerda namozdan keyin va uxlashdan oldin tasbeh, hamd va takbir aytishning yana bir uslubi haqida so‘z ketmoqda. Uyquga ketishdan oldin o‘ttiz to‘rt marta takbir, o‘ttiz uch marta hamd va o‘ttiz uch marta tasbeh aytib yotishga amal qilib borilsa, katta xayr, barakaga ega bo‘linadi.
Bizda namozdan keyin aytiladigan tasbeh, hamd va takbirda boshqa hadisi sharifga amal qilib kelinmoqda.
Imom Muslim va Termiziy Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«(Namoz) ortidan keluvchilarni aytuvchilar yoki qiluvchilar noumid bo‘lmaslar. Har bir namoz ortidan o‘ttiz uchta tasbeh, o‘ttiz uchta hamd va o‘ttiz to‘rtta takbir», dedilar».
Ushbu hadisda zikr qilingan har bir namoz ortidan o‘ttiz uch marta «Subhanalloh», o‘ttiz uch marta «Alhamdu lillah», o‘ttiz to‘rt marta «Allohu akbar»ni zikr qilish keyingi rivoyatlarda keladigan zikrlar ila uyg‘unlashib, tatbiqqa kirgan.
Imom Muslimning rivoyatida:
«Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta «Allohu akbar» desa, hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘lur, yuztaning tamom bo‘lishi – «Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shayin qodiyr»ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklari kabi ko‘p bo‘lsa ham mag‘firat qilinur», deyilgan.
Imom Muslimning rivoyatiga avval yoki oxirida «Oyatal Kursiy»ni qo‘shib o‘qishni so‘fiylar joriy qilganlar. Bu so‘fiylar xatmi deb nomlanadi. Bu nur ustiga nur deyiladi, chunki «Oyatal Kursiy» Kur’oni Karimdagi eng ulug‘ oyatdir. Ushbu xatmni qilish bizda ham joriy bo‘lib kelayotgan narsadir.
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan
Anvar Ahmad tarjimasi