Oylar sultoni Ramazonning har bir kunida saxovat, xayriya tadbirlari Toshkent shahrida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilyapti.
Ramazonning 20-kuni (20 mart) Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov poytaxtimizning Yunusobod tumaniga tashrif buyurdilar.
Tuman bosh imom-xatibi, imom-domlalar bilan 3 ta kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj oilalar holidan xabar olindi. Ularga ro‘zg‘or uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari ehson qilindi.
Shunday oilalardan ikkitasida yoshi ulug‘ otaxon va keksa onaxon istiqomat qiladi. Otaxon va onaxon ko‘zlarida yosh ila yurtimiz tinchligi mustahkam, xalqimiz turmushi yanada farovon bo‘lishi so‘rab duolar qildilar.
Alloh taolo Qur’oni karimda: «Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon Zotdir» (Baqara surasi 261-oyat), deb marhamat qilgan.
Alloh taolo bu misol bilan bitta xayrli ish uchun 700 va undan ortiq savob ato etishini bildirmoqda.
Parvardigor ehsonlarni qabul qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ بُرَيْدَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَا مِنْ أَحَدٍ مِنْ أَصْحَابِي يَمُوتُ بِأَرْضٍ إِلَّا بُعِثَ قَائِدًا وَنُورًا لَهُمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ. رَوَاهُمَا التِّرْمِذِيُّ.
Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mening sahobalarimdan kim bir yerda vafot qilsa, albatta, u qiyomat kuni o‘sha (yerlik)larga imom va nur bo‘lib tiriltirilur», dedilar».
Imom Termiziy rivoyat qilgan.
Bu hadisi sharifda sahobai kiromlar fazllarining qirrasi ochib berilmoqda. U zotlarning vafotlari ham hayotlari kabi fazlga ega ekan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sahobai kiromlaridan qay birlari qaysi yurtda vafot topsalar, qiyomat kunida o‘sha yurt aholisiga, albatta, mo‘min-musulmon va taqvodor kishilarga imom, ya’ni yo‘lboshchi va nur bo‘lib qayta tirilar ekanlar. Zotan, sahobai kiromlar kofir va betavfiqlarga imom bo‘lmasliklari turgan gap.
Modomiki sahobai kiromlar mazkur fazllarga ega ekanlar, biz ularni ehtirom qilmog‘imiz, ularning hayotlarini yaxshilab o‘rganmog‘imiz va ulardan o‘rnak olib yashamog‘imiz lozim bo‘ladi.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مُغَفَّلٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: اللهَ اللهَ فِي أَصْحَابِي، اللهَ اللهَ فِي أَصْحَابِي، لَا تَتَّخِذُوهُمْ غَرَضًا بَعْدِي، فَمَنْ أَحَبَّهُمْ فَبِحُبِّي أَحَبَّهُمْ، وَمَنْ أَبْغَضَهُمْ فَبِبُغْضِي أَبْغَضَهُمْ، وَمَنْ آذَاهُمْ فَقَدْ آذَانِي، وَمَنْ آذَانِي فَقَدْ آذَى اللهَ، وَمَنْ آذَى اللهَ فَيُوشِكُ أَنْ يَأْخُذَهُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.
Abdulloh ibn Mug‘offal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sahobalarim haqida Allohdan (qo‘rqinglar!) Allohdan (qo‘rqinglar!) Sahobalarim haqida Allohdan (qo‘rqinglar!) Allohdan (qo‘rqinglar!) Mendan keyin ularni mo‘ljal qilib olmanglar. Bas, kim ularni yaxshi ko‘rsa, meni yaxshi ko‘rganligidan yaxshi ko‘rgan bo‘lur. Kim ularni yomon ko‘rsa, meni yomon ko‘rganidan yomon ko‘rgan bo‘lur. Kim ularga ozor bersa, menga ozor bergan bo‘ladi. Kim menga ozor bersa, Allohga ozor bergan bo‘ladi. Kim Allohga ozor bersa, U Zot uni (katta halokat bilan) tutishiga oz qoladi», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Ushbu rivoyatni sharh qilishga hech qanday hojat yo‘q. Unda sahobai kiromlarni so‘kish qanchalar og‘ir jinoyat ekanligi ochiq-oydin bayon qilinmoqda. Sahobai kiromlarni so‘kish Alloh taoloni so‘kish bilan tenglashtirilmoqda. Albatta, Alloh taoloni so‘kish dunyodagi eng katta jinoyat ekanligi hammaga ma’lum.
Kim Alloh taologa taqvo qiladigan bo‘lsa, sahobai kiromlarni so‘kmasligi kerak ekan.
Kim Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muhabbatlariga sazovor bo‘lishni istasa, sahobai kiromlarni so‘kmasligi kerak ekan.
Kim Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yomon ko‘rishlaridan saqlanishni istasa, sahobai kiromlarni so‘kmasligi kerak ekan.
Kim Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni so‘kkan odam bo‘lib qolishni istamasa, sahobai kiromlarni so‘kmasligi kerak ekan.
Kim Alloh taoloni so‘kkan odam bo‘lib qolishni istamasa, sahobai kiromlarni so‘kmasligi kerak ekan.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi