“Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar! Zero U isrof qilguvchilarni sevmas!”
(Qur’oni karim. A’rof surasi 7/31 oyat).
O‘zi nazar qilgan, O‘zi o‘zgacha nazar qilgan mana shu jannatmakon diyorni Alloh taolo O‘z Ilohiy nazari va Ilohiy rahmati ila boqib, ushbu muqaddas zaminimizni insonning aqli ojizlik qiladigan ko‘pgina behisob ne’matlar bilan ne’matlantirib qo‘ygan... Aynan bizning jannatmakon yurtimizga, muqaddas zaminimizga, Xudo nazar qilgan diyorimizga, jonajon O‘zbekistonimizga Alloh taboraka va taolodan ato etilgan bunday ne’matlarni nafaqat inson zoti, balki hech qanday, hatto oxirgi modeldagi yangi chiqqan eng zamonaviy kompyuter ham sanab sanog‘iga yeta olmaydi!
Bunday behisob va bebaho, aziz va buyuk, mislsiz va beqiyos, tengi yo‘q moddiy va ma’naviy ne’matlar ichida bittasi bu – “suv” deb atalmish ILOHIY (!) moddiy (!) ne’mat.
22 MART – BUTUNJAHON SUV KUNI
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan
1993 yilda № A/RES/47/193-sonli Qarori bilan ta’sis etilgan.
BMTning rasmiy tillarida:
World Day for Water (ingliz),
اليوم العالمي للمياه (arab),
Día Mundial del Agua (ispan),
世界水日 (xitoy),
Vsemirniy den vodnix resursov (rus),
Journée mondiale de l'eau (fransuz).
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Massachusets texnologiya instituti olimlari boshqa sayyoralarda hayot mavjudligi uchun asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan suvga muqobil erituvchilarni ko‘rib chiqdilar. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, faqat suv hayot uchun yagona mos asos bo‘lib chiqdi. Tadqiqotchilar koinotda suv bilan bir xil rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan, muhim oziq moddalarni eritib, ularni tirik organizmlar uchun mavjud qiladigan boshqa molekulalar bor-yo‘qligini ko‘rib chiqdilar. Bunday moddalar to‘rtta mezonga javob berishi kerak: faqat ba’zi molekulalarni eritib yuboradi (lekin hammasi emas), metabolizmda muhim rol o‘ynaydi, murakkab organik molekulalarning keng doirasini yo‘q qilmaydi va toshli sayyoralarda milliardlab yillar davomida mavjud. Ilmiy tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, barcha ma’lum erituvchilar orasida suv bu shartlarni qondiradigan yagona moddadir.
Shunday beqiyos, betakror va mo‘jizaviy ne’mat – suv ne’mati aynan bizning yurtimizda ham serob ekanligi ham – bu Yaratganning aynan bizning yurtimizga o‘zgacha Ilohiy nazari bilan boqqani! Yer yuzining boshqa joylariga nisbatan Alloh taolo aynan bizni yurtimizga o‘zgacha nazari bilan, o‘zgacha rahmat nazari bilan boqqanini yaqqol belgisi, dalili, isboti va namunasi! Buni onglab tushunib yetish uchun maxsus ilm dargohlarida, katta-katta institutlarda yoki islom universitetlarida o‘qib, ta’lim olish shart emas! Bu – osmondagi Oy va Quyoshday butun insoniyatga ma’lum va mashhur bo‘lgani kabi, dunyo xalqi uchun ochiq-oydin xaqiqatligi hammaga ayon!
Demak, suv – Xudoi taoloning bandalariga beradigan bu olamidagi mo‘jizaviy ne’matlaridan biri! Allox taoloning shu mo‘jizaviy ne’matlari ichida eng kattalaridan va eng manfaatlilaridan biri!
ENSIKLOPЕDIK MANBALARDA quyidagi ma’lumotlar bitilgan:
USHBU SODDA VA SHU BILAN BIRGA SIRLI MODDA HAQIDA
QIZIQARLI MA’LUMOTLAR:
Ilm-fan odamlari ushbu g‘ayrioddiy modda haqida ajoyib kashfiyotlar qilishda davom etadilar. Ayni paytda insoniyat, yuzlab yillar oldin bo‘lgani kabi, dengiz to‘lqinlari va ertalabki shudring tomchilari manzarasidan zavqlanib, suv toshqini va momaqaldiroq paytida suv elementi oldida nafas bilan titraydi, suvning go‘zalligi va kuchiga qoyil qoladi.
SUV HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR:
Yuqorida keltirilgan qiziqarli faktlar va ajoyib ma’lumotlar, ehtimol, suv bizni ajablantiradigan narsalarning oxirgisi emas...
BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti)ning HUJJATLARI:
Olimlarning ilmiy tadqiqotlari va jahon statistika ma’lumotlariga ko‘ra, shuncha ko‘p g‘ayrioddiy va noyob xususiyatlarga, shuncha xil betakror va beqiyos sifatlarga ega bo‘lgan yana boshqa narsa bu dunyoda yo‘q ekan! Ana! Qanday ulug‘ va beo‘xshov, xaqiqatda mo‘jizaviy (!) ne’mat (!) ni Alloh taolo bizni diyorimizga behisob qilib ravo ko‘rgan!
Alloh taoloning inoyati ila davlatimiz va hukumatimiz tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklarida jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, muborak dinimiz kamoloti, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, farzandlarimiz bizdan ham baxtliroq bo‘lishlari uchun, bolalarimizni kelajagi uchun behisob-behisob, son-sanoqsiz, katta-katta savobli, xayrli va olijanob ishlar bajarilib kelinmoqda. Bu savobli ishlarga nafaqat butun dunyo hamjamiyati tan bermokda, balki O‘zbekistondagi bu xayrli ishlarni har bir ko‘zi ojiz inson ham ko‘rmokda, har bir qulog‘i og‘ir odam ham eshitmoqda, har bir aqli zaif banda ham mohiyatini onglab, mazmunini tushunib, samaralarini sezib, to‘la-to‘kis his qilmoqda.
“Birni ko‘rib – shukr qil, birni ko‘rib – fikr qil” deganlariday yon-atroflarimizga qarab, ba’zi davlatlarda bo‘layotgan ahvollarni ko‘rib fikr qilaylik!.. “Ey, Allohim! Yurtimga berilgan tinchlikka shukr!” deb, tinch uxlab, eson-omon uyg‘onayotganimizga shukr qilaylik! Ba’zi yurtlarda insonlar o‘zini tinchligini-omonligini o‘ylab, jon kuydirayotgan bir zamonda, bizni mamlakatimizda esa jahon andozalaridan ham ustun bo‘lgan o‘quv dargohlari bizni bolalarimiz uchun barpo etilayotgan bir paytda, xalqaro me’yorlaridan qolishmaydigan sport inshootlari biz uchun qurilayotgan bir paytda, bizda qo‘sha-qo‘sha imoratlar, qator-qator uylar, yangidan-yangi moshinalar, hashamatli to‘yxonalar, dabdabali to‘y-ma’rakalar, kelin-kuyovga xizmat qilayotgan chet ellarda faqat boylar minadigan avtomobillar, farzandlarimiz chet elma-chet el yurib, dunyoning turli chekkalarida obro‘li-nufuzli o‘quv dargohlarida o‘qib turgan, qo‘llarimizdagi dunyoda hozirgina chiqqan eng zamonaviy telefonlar kundan-kunga hayotimizni boyitib turgan bir paytda, Xudoi taolo sanoqligina davlatlar qatori bizning diyorimizga bergan mo‘jizaviy suv ne’matini mensimasdan, oyoqosti qilib, uvol qilsak, noshukrlik va isrofgarchilik qilgan bo‘lmaymizmi?!?
Noshukrlik va isrofgarchilik esa Xudoga xush kelmasligi har bir aqli raso odamga ma’lum!!!
O‘zbekistonni mag‘ribdan mashriqgacha aylanib chiqsangiz ham, davlatimizni u chekkasidan bu chekkasigacha kezib chiqsangiz ham, mamlakatimizni barcha shahar-qishloqlarini ko‘rib chiqsangiz ham, bir narsaga guvoh bo‘lasiz – har bir viloyat, har bir tuman, har bir shahar, har bir qishloq, har bir mahalla, har bir ko‘chada yangilanish, chiroyli o‘zgarish, katta qurilishlar bo‘layotganini ko‘rasiz! Bunday islohotlardan yurtimizni biror joyi ham chetda qolmagan!
Oq-qorani taniydigan, foyda-zararni biladigan, o‘ng-chapni payqaydigan, og‘ir-yengilni his qiladigan, savob-gunohni ajrata oladigan, katta-kichikni farqiga yetib boradigan, past-balandni tushunadigan, yaxshi-yomonni mazmunini onglaydigan, uzoq-yaqinni mohiyatiga yetib boradigan har bir aql-zakovatli inson biladiki, O‘zbekistonda bo‘layotgan bunday ulug‘vor ishlar o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi! Qisqa davr ichida asrlarga teng, savobi cheksiz-chegarasiz bo‘ladigan bunchalik darajadagi ulkan va buyuk ishlarni amalga oshirish uchun ko‘p narsalar ichida moddiy ta’minot ham bo‘lishi darkor.
Ushbu nihoyatda mas’uliyatli, mashaqqatli va sharafli, og‘ir va savobli, sermahsul va olijanob ish bo‘lmish – xalqimizning rizqi, dasturxonimizning ko‘rki, kundalik ehtiyojimiz, bor tirik mavjudotning ozuqasi, Yer kurasining noyob va nodir boyligi – Alloh taoloning mo‘jizaviy ne’mati bo‘lgan «suv» ne’matini avaylab-asrashga beparvo bo‘lishimiz chiroyli emas! Zero «Ko‘p biriksa, tog‘ qular», «To‘pdan chiqsang ham, ko‘pdan chiqma!», «Ko‘pdan ayrilgan ozar, ko‘pga qo‘shilgan o‘zar», «Ko‘pning haqi yetimning haqidan yomon», «Ko‘pchilik bir mushtdan ursa – o‘ldirar, bir burdadan bersa – to‘ydirar» deb dono xalqimiz bekordan-bekor, bejiz aytmagan...
Hammamiz har kuni kuzatadigan, lekin har doim ham e’tibor qaratmaydigan bir necha holatlar:
1) tong otib, quyosh charaqlab tursa ham, qator simyog‘ochlarda yonib turgan ko‘cha chiroqlari;
2) odamlar o‘tib-qaytadigan ko‘cha bo‘yidagi jo‘mraklardan suvning behuda oqib turishi;
3) ko‘zday yaqin qo‘shnimiz och-nahor bo‘lsa ham, yaqinlarimiz, hatto aka-ukalarimiz, qarindoshlarimiz orasida farzandlarining o‘quv-shartnoma pullarini to‘lay olmayotganini yoki mahallamizda ehtiyojmand oilalar borligini bilsak-ko‘rsak-da, lekin dabdabali to‘ylarimiz. Yoshlarning orzu-havasi deb, birgina «ZAGS»ning o‘ziga bir talabaning bir yillik o‘quv-shartnoma pulini sarflaymiz...
Ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin… Shu mavzuda xayolimizga kelgan hamma narsani tizib chiqsak, bir maqola u yoqda tursin, hatto bir nechta kitob bo‘lishi ham turgan gap! Lekin biz qachondan beri dabdabaga o‘ch, xo‘ja ko‘rsinga, kimo‘zarga moyil, isrofga mukkasidan ketadigan bo‘lib qoldik?..
KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA
XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI:
Ba’zi ulamolar: “Alloh ushbu oyatda tabobat ilmining yarmini jamlagan” deyishgan.
JANOBI PAYG‘AMBARIMIZ RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM
MЕHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:
Bu narsalar hammamizga o‘rnak bo‘lishi lozim!!!
TIBBIYOT OLIMLARINING TADQIQOTLARI:
Suv ozuqa moddalarining tashuvchisi
Qonning 80 % suvdan iborat. Suvning yetishmasligi, birinchi navbatda, unga ta’sir qiladi, bu uning quyuqligini oshiradi. Albatta, bu yaxshi narsaga olib kelmaydi: tromboz, varikoz tomirlari va hatto insult hamda infarkt xavfi ortadi.
Suv toksinlarni chiqarib tashlaydi
Ter va peshob bilan orgnizmdan barcha zararli moddalar, toksinlar va shlaklar chiqariladi. Agar organizmda bular uchun yetarli suv bo‘lmasa, parchalangan mahsulotlari turg‘unlasha boshlaydi. Bu hatto zaharlanishga olib kelishi mumkin.
Suv ovqat hazm qilishda ishtirok etadi
Suv ovqat hazm qilish jarayoniga to‘liq hamroh bo‘ladi. U so‘lak hosil bo‘lishida ishtirok etadi, shilliq qavatning namligi va oziq-ovqatning parchalanish sifati uning miqdoriga bog‘liq. Suv yetishmovchiligi bilan ovqat hazm qilish fermentlarini ishlab chiqarish sekinlashadi, oshqozon-ichak trakti sust ishlaydi, yarim hazm bo‘lgan ovqat ichaklarda aylanib, yallig‘lanishni keltirib chiqaradi.
Suv tanqisligining yana bir oqibati: me’da shirasi ko‘proq kislotali hamda juda konsentratsiyali bo‘ladi. Bu esa yuqori kislotali gastrit va hatto oshqozon yarasiga olib kelishi mumkin.
Organizmning termoregulyatsiyasi suvga bog‘liq
Suvsizlanish bilan bog‘liq muammolarga duch kelmaydigan odamlar issiqqa ham, sovuqqa ham oson toqat qiladi. Gap shundaki, suv termoregulyatsiyada ishtirok etadi, u sovuq mavsumda issiqlikni saqlab qolishga va issiqda uni yo‘qotishga yordam beradi.
Bo‘g‘imlar salomatligi uchun muhim
Artrit va artrozning rivojlanish jarayoni murakkab, lekin ko‘p jihatdan bu elementar suv tanqisligiga bog‘liq. Organizmda suv yetishmasa, u avtomatik tarzda mavjud suvni miya, qon, yurak, buyrak, jigar faoliyatiga sarflaydi.
Bo‘g‘imlarga esa suvning qolgan qismi keladi. Natijada bo‘g‘imlarning to‘qimasi elastikligini yo‘qotadi, zichlashadi, bo‘g‘imlar faoliyatida muhim bo‘lgan suyuqlik miqdori kamayadi.
Suv terini ajinlardan qutqaradi
Ushbu organ ham qoldiq prinsipiga ko‘ra suv bilan ta’minlanadi. Shuning uchun suvsizlanish kuzatiladi. Namlik miqdori yetarlicha bo‘lmagan teri tezda elastikligini, chiroyli rangini yo‘qotadi va ajinlar bilan qoplanadi.
Teridan tashqari, soch va tirnoqlar ham suv yetishmasligidan aziyat chekadi. Tirnoqlar zaif va mo‘rt bo‘ladi, sochlar rangi xiralashadi, gullaydi va to‘kiladi.
Agar kun davomida ko‘p suv ichilsa, organizmda qanday o‘zgarishlar yuz beradi?
Ammo hamma narsada ham o‘lchovni bilish kerak. Juda ko‘p suv va hatto tez ichish ham organizmga zarar yetkazishi mumkin. Buyraklar soatiga 0,8-1 litrdan ko‘p bo‘lmagan suyuqlik chiqara oladi. Shuning uchun, agar qisqa vaqt ichida 3 litrdan ko‘proq ichish orqali suv zaxirasi to‘ldirilsa, organizmda haddan tashqari gipergidratsiya belgilari paydo bo‘lishi mumkin.
Bu vazn ortishi, shish, bosimning oshishi va eng muhim ichki organlarning: buyraklar, yurak va o‘pka faoliyatining buzilishiga olib keladi. Ortiqcha suv qondagi elektrolitlar konsentratsiyasini kamaytiradi. Bu, ayniqsa, hujayra ichidagi va tashqarisidagi suyuqliklar o‘rtasidagi muvozanatni saqlaydigan natriyga tegishli.
Kuniga qancha miqdorda suv ichish kerak?
Aniq va yagona me’yor yo‘q. Chunki hammani bitta standart bilan o‘lchash mumkin emas. Bugungi kunda, diyetologlarning turli tavsiyalariga ko‘ra, suvning kunlik dozasi organizm vazniga kilogramm uchun 30 dan 50 millilitrgacha o‘zgarib turadi. Ya’ni ushbu tavsiyalar o‘rtacha hisoblansa, vazni 60 kilogramm bo‘lgan odam kuniga taxminan 2,4 litr suv ichishi kerak. Erkaklar kuniga 2,5-3,7 litr, ayollar esa 2-2,7 litr suv ichish tavsiya etiladi.
Organizmga suv yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eng oddiy va tabiiy ko‘rsatkich chanqoqlikdir. Bu organizmda eng qimmatli manba kamligini tushunish uchun yetarli. Ammo shuni bilish kerakki, tashnalik organizmning taxminan 1-2 foiz namlikni yo‘qotganda kuzatiladi va bu suvsizlanishning birinchi belgisi hisoblanadi.
Organizmdan 2 foiz suyuqlik yo‘qolganda, odamda kuchli chanqoq paydo bo‘ladi, 10 % gacha yo‘qotishda bosh aylanishi kuzatilishi mumkin, 12 % yo‘qotish bilan shoshilinch tibbiy yordam talab qilinadi.
Suvsizlanishning asosiy belgilari: peshobning qorayishi va uning kunlik hajmining pasayishi, bosh og‘rig‘i, charchoq va holsizlik, og‘iz qurishi va teri qurishi, yurakning tez urishi va qon bosimining pasayishi.
Suv ichish istagi bo‘lmaganda ham ichish kerakmi?
Albatta, kerak, tashnalik organizm suvsizlanishining birinchi darajasi haqida signaldir. Agar jismoniy ish qilinsa, ko‘p yurilsa va doimiy stress bo‘lsa, ko‘proq suv ichish kerak.
Nonushtadan 30 daqiqa oldin kunni bir yoki ikki stakan suv bilan boshlash tavsiya etiladi. Kun davomida suvni asta-sekin, kichik qultumlarda ichish lozim. Lekin yotishdan oldin to‘xtatish kerak. Bu vaqtda limfa tizimining aylanishi sekinlashadi, suyuqlik turg‘unlashadi, ertalab shish bilan uyg‘onish xavfi mavjud. Shuningdek, diyetologlar iliq suv ichishni maslahat beradi. U sovuq suvga qaraganda ancha yaxshi so‘riladi. Organizm uni singdirish uchun kamroq energiya sarflaydi.
MUTAXASSIS OLIMLARNING TADQIQOT NATIJALARI:
DUNYO ASOSAN SUVDAN IBORAT, LЕKIN SUV – MUAMMO...
Suvning tuzli (okean va dengizlarda), chuchuk (daryo, ko‘l, yer ostida va muz ko‘rinishida), yomg‘ir, mineral hamda insoniyat tomonidan qayta ishlov berilgan shakldagi turlari bor. Dunyoning ¾ qismi suvdan iborat.
Biz hayotimizni suvsiz tasavvur qila olmaymiz. Texnologik taraqqiyot tufayli biz uni har kuni sarflaganimizda bu haqda o‘ylay olmaymiz. Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, o‘rta asrlarda bitta oila kuniga 5 litrdan ko‘p bo‘lmagan suv sarflagan. Endi bu miqdor 1000 litrga yetishi mumkin.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti me’yoriga ko‘ra, bir kishining ehtiyojlari uchun kunlik 50-100 litr suv kerak. Afrikaning qishloq joylarida bir kishi odatdagidan sezilarli darajada past va kuniga 10-20 litr suv sarflaydi. AQSHda aksincha, normadan ancha darajada yuqori – 450 l. Kanadada – 340 l, Yaponiyada – 320 l. G‘arbiy Yevropada suv ta’minoti xizmatlarining yuqori narxi tufayli u 130 dan 180 litrgacha o‘zgarib turadi. Rossiyaliklar yevropaliklarga qaraganda ko‘proq isrofgar – 250 litr. Ammo suvni eng ko‘p sarflaydigan davlat bu – Saudiya Arabistoni aholisidir: ularga bir kishi uchun kuniga 500 litr kerak bo‘ladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston bo‘yicha kunlik bir kishiga iste’mol o‘rtacha 99,2 litr (Farg‘ona viloyatida – 200 litr, Toshkent shahrida – 174 litr, Navoiy viloyatida – 170 litr, Xorazm viloyatida – 143 litr, Jizzax viloyatida – 130 litr, Toshkent viloyatida – 126 litr, Sirdaryo viloyatida – 103 litr, Samarqand viloyatida – 96 litr, Andijon viloyatida – 84 litr, Namangan viloyatida – 75 litr, Surxondaryo viloyatida – 74 litr, Qoraqalpog‘istonda – 55 litr, Qashqadaryo viloyatida – 42 litr)ga to‘g‘ri keladi.
Suvi ko‘p va suvi kam davlatlar
Dunyoda suv har xil taqsimlangan. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, eng katta chuchuk suv resurslarining egalari Braziliya (8233 kub km), Rossiya (4507 kub km), Kanada (2902 kub km), Indoneziya (2838 kub km), Xitoy (2830 kub km), Kolumbiya (2132 kub km), AQSH (2071 kub km), Peru (1913 kub km) va Hindiston (1897 kub km).
Chuchuk suv muammosiga duch kelayotgan davlatlar esa Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika aholisi, Markaziy Osiyo, Koreya, Avstraliya, Ruminiya, Moldova, Vengriya va hatto AQSHning shimoliy hududlaridir.
Suv narxlari eng arzon va eng qimmat davlatlar
Numbeo tahliliy portali dunyoning 99 ta davlatidagi 1,5 litr idishdagi suv narxlarini ma’lum qildi. Unda Kosta-Rika 26 710 so‘m bilan suvi eng qimmat davlat deb topilgan bo‘lsa, bu qiymat Misrni 2566,52 so‘m bilan eng arzon davlatga aylantirdi. Suvi arzon sotilayotgan davlatlar ro‘yxatida O‘zbekiston 91-o‘rinni egallagan.
Ichimlik suvining yana bir muhim manbai – yerusti toza suvidir. Ular ko‘llar, daryolar, to‘g‘onlar va soylarda saqlanadi. Daryolar va to‘g‘onlar suv ta’minoti uchun muhim bo‘lsa-da, ular faqat 1 foizgina chuchuk suvni o‘z ichiga oladi. Chuchuk suvning taxminan 0,001 foizi atmosfera bug‘i bo‘lib, ular Yer sayyorasida yomg‘ir va qor bilan almashinib turadi.
Oxirgi 50-70 yil ichida suv omborlari soni o‘n baravar ko‘paygan. Shu yillar davomida har kuni o‘rtacha ikkita suv ombori ishga tushirilgan. Dunyoda jami 60 mingdan ortiq suv omborlari yaratilgan bo‘lib, ularning umumiy hajmi (6500 kub km) Yer sharining barcha daryolaridagi bir martalik suv hajmidan 3,5 baravar ko‘pdir.
TABOBAT OLAMIDAN:
SUV ICHISH MUMKIN BO‘LMAGAN PAYTLAR
Bir necha paytda suv ichmoq – xato.
Bu haqda so‘zlamish bir qancha dono.
Biri – sahar payti suv ichib bo‘lmas,
Biri – hammomdan so‘ng suvga qo‘l urmas.
Uyqudan so‘ng suvdan ichmoq ko‘p yomon,
Sharobdan so‘ng qaltiroq qo‘zg‘atar har on.
Surgidan so‘ng yana suv ichib 6o‘lmas,
Jimoning ortidan aslo mumkinmas!
Shundayin paytlarda suv ichma, odam!
Oriqlik va sustlikni qo‘zg‘atar har dam,
Mevaning ustidan suv ichmoq zarar,
Qovun yegach ichsa – baridan battar.
SOVUQNI HAYDASH XISLATI:
Asal suvi tanda pishirar balg‘am,
Sovuq a’zolarga beradi yordam.
Me’da sovuk bo‘lsa yoki ichaklar,
Isitar, ishtaha ochadi har dam.
DONOLAR OLAMIDA:
Ertasiga ertalab yigit daryo bo‘yiga keldi...
Suqrot undan daryoga tushishni so‘radi. Birga daryoga tushdilar. Suv bo‘yinlariga yetganda, kutilmaganda Suqrot yigitning boshini suvga tiqdi. Yigit suvdan chiqishga qanchalik harakat qilmasin, Suqrot kuchli edi. Suqrot yigitni ko‘karib ketgunicha suvda ushlab turdi, keyin suvdan chiqarib oldi. Yigit chuqur nafas oldi. Suqrot so‘radi: "Boshingni suvda tutib turgan paytim eng ko‘p nimani xohlading?" Yigit javob berdi: "Havo!" Suqrot dedi: "Muvaffaqiyatning siri mana shunda! Qachonki sen muvaffaqiyatni suv tubida havoni xohlaganingchalik xohlasang, shunda unga erishasan. Bundan boshqa sir yo‘q. Yoniq istak – muvaffaqiyatning boshlanishidir! Kichik olov ko‘p issiqlik berolmaganidek, kuchli bo‘lmagan istak buyuk maqsadlarga asos bo‘lolmaydi”.
– Singan ko‘ngil yana seva oladimi?
Mavlono javob berdi:
– Ha, seva oladi!
– Unda aytingchi, singan piyolada suv ichasizmi?
Mavlono esa nim tabassum bilan:
– Siz piyola sindi deya suv ichishni tark qildingizmi?! – dedi.
ULUG‘LARDAN HIKMATLAR:
“Inson suvdek bo‘lishi lozim!", deyishadi... Chunki:
- ko‘z suvi – yosh;
- quloq suvi – zardob;
- og‘iz suvi – tupuk!
Ushbu suvlarning har birida alohida vazifa bor!
• Ko‘z suvi sho‘r bo‘ladi, agar sho‘r bo‘lmasa edi, ko‘z gavharining himoyasi uchun zarur bo‘lgan yog‘ aynib qolar va ko‘z faoliyati ishdan chiqar edi!
• Quloq suvi achchiq bo‘ladi, agar shirin bo‘lganida, quloqni qumursqa bosardi!
• Og‘iz suvi sho‘r ham emas, achchiq ham emas! Agar tupugimiz sho‘r yoki achchiq bo‘lganida, yegan narsamizning ta’mini bilmas edik!
• Yana eng ajoyibi bu – suvlar har kuni yangilanib turadi va bir-biriga aralashib ketmaydi!
• Alloh taolo aytadi: «Haqiqatan, Biz insonni xushbichim va xushsurat shaklda yaratdik» (Tin surasi 95/4 oyat).
• Bu mutanosiblikni o‘z-o‘zidan, tasodifan, tabiiy tanlanish yo‘li bilan bo‘lib qolgan, deyish uchun inson naqadar saviyasiz bo‘lish kerak?!!
Suv resurslarining ahamiyati va ularga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish zarurligini bilib oldik.
Suvsizlik bu – asrning global muammosi ekan, bunga dunyoning barcha davlatlari birgalikda kurashishi, bir-biriga yordam berishi, aholi esa suvdan foydalanish madaniyatini his qilgan holda amal qilishlari kerak bo‘ladi. Chunki bir yerda suv bilan bog‘liq muammo kattalashgani sari, u yerda hayot umidi so‘nib boraveradi. Suvga ehtiyoji bor jamiki jonzotlar esa suvli mamlakatlarga qarab ko‘cha boshlaydi. Va bu o‘sha davlatning ham muammosiga aylanadi. Kech bo‘lsa-da, vaqtimiz bor, dunyoni birgalikda bu inqirozdan qutqarishimiz lozim!..
Xalq ichinda mo‘’tabar bir narsa yo‘q davlat kabi,
Bo‘lmag‘ay davlat jahonda quvvat-u sihhat kabi!
Iqtisod, insof ziynatdur vujudi odama,
Yaxshi ne’mat yo‘q kishiga sa’y ila g‘ayrat kabi!
Endi har birimiz o‘z-o‘zimizga: “O‘zim yashab turgan yurtimni tinchligi uchun, ona-Vatanimni ravnaqi uchun, ajdodlarim yotgan muqaddas zaminim uchun, kindik qonim to‘kilgan diyorim uchun, aziz bo‘lgan el-xalqim uchun, farzandim mendan ham baxtliroq bo‘lishi uchun, bolamni kelajagi uchun men nima ish qildim?” – deb savol beraylik...
Beqiyos va betakror, katta va boy tajribaga ega dono xalqimiz ellik ming elakdan o‘tkazib, o‘zining purhikmatli maqollarida bekorga «Nimani xor qilsang, shunga zor bo‘lasan!» demagan!!!
Axir «Tejam bilan ishlatsang – uy-ro‘zg‘oring but. Isrof bilan ishlatsang – yomon kunni kut!» deb bejizga aytilmagandir?!!
Dono halqimiz o‘zining ulug‘ hikmatlarida
Erta yedim – o‘tdim.
Hamma hayitga chiqqanda,
Xumga kirib yotdim»,
Non ayagan – nonga»,
Yomon o‘g‘il ota molini sochar»,
Kiyishing – ipak»,
Boyiganda – muhtojlikni!»,
Sovursang – ketasan»,
Ko‘p-ko‘p yesang – neni yersan?»,
Solaversang – og‘ir».
deb aytishida ham juda ko‘p ma’nolar bor!!! Shuning uchun endi biz ham Alloh taoloning g‘azabiga sabab bo‘ladigan, do‘zaxga yaqinlashtiradigan, jannatdan uzoqlashtiradigan, faqirlikka yetaklaydigan ISROFdan saqlanaylik!!!
Mehribon Parvardigorimiz sog‘lik-salomatligimiz fani – tabobat ilmining yarmini birgina (!) Qur’oni karimning 7-chi surasi A’rof surasi 31-oyatining yarmiga, Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam birgina (!) muborak hadisi shariflariga jamlab qo‘ygan ekanlar, biz ikki dunyoda ham chin saodatni istasak, hech kimga hech narsa qoldirmagan KITOB – Kalomulloh va HIKMAT – hadisi sharifga amal qilsak – marra bizniki!
Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizni ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!
Muhtaram azizlar! Tinch bo‘lib turgan yurtimizda musaffo osmonimiz ostida yashayotgan jannatmakon diyorimizni boyligi uchun, Xudoni o‘zgacha Ilohiy nazari tushgan muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun, turmushimiz obodligi va ko‘pchilikni rizqi uchun, elimizni mo‘l xirmoni va oilamiz dasturxoni ko‘rki uchun o‘z hissamizni qo‘shaylik! Shu jannatmakon diyor – muqaddas zaminda yashayotgan har birimiz, Alloh taolo O‘zbekistonga bergan barcha behisob va betakror, mislsiz va beqiyos ne’matlaridan foydalanayotgan har bir odam bolasi o‘zini munosib hissasini qo‘shishi lozim ekanligini unutmaylik!..
Ibrohimjon domla Inomov
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov bilan suhbat
– Assalomu alaykum. Bugungi suhbatimizni inson hayotida muhim o‘rin tutadigan, odamni boriga rozi bo‘lib, yo‘g‘iga sabr qilishga undaydigan go‘zal fazilat – qanoat haqida gaplashsak. Avvalo, qanoat deganda nimani tushunamiz?
– Vaalaykum assalom varahmatullohi vabarakotuh. Qanoat – insonga berilgan ne’matlarni qadrlash, Alloh taoloning taqdiriga rozi bo‘lish, bor narsaga shukr qilish va halol yo‘l bilan hayot kechirishdir.
Qanoat – bu qo‘l qovushtirib o‘tirish, mehnat qilmaslik, biror kasbning boshini tutmaslik yoki “boriga shukr” deb taraqqiyotdan ortda qolib ketish emas. Musulmon kishi, hadisi sharifda ta’kidlanganidek, dunyo ishlarida harakat qiladi, rizqini izlaydi, kasb-hunar o‘rganadi, oilasi uchun mehnat qiladi. Ammo qalbida: “Menga berilgan ne’matning egasi Alloh taolodir”, degan e’tiqodda bo‘ladi.
Inson qancha boy bo‘lmasin, agar qalbida qanoat bo‘lmasa, o‘zini kambag‘al his qilishi mumkin. Aksincha, mol-dunyosi ko‘p bo‘lmagan insonning qalbi xotirjam, shukr qiluvchi bo‘lsa, u chinakam boydir. Shu bois ulamolar qanoatni qalbg boyligi, deb ta’riflashgan.
– Islom dining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda qanoat haqida nima deyilgani ham o‘quvchilarga qiziq, albatta.
– Ha, shunday. Islom ta’limotida qanoat ulug‘ fazilat hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas” (Qasas surasi, 77-oyat), deb marhamat qilgan.
Islom dini insonni bu dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga erishtiruvchi dasturilamal, hayot manhajidir. Ammo dinimizning asl mohiyatini, uning ta’limotlari barcha zamon va makonlarga muvofiq kelishini anglab yetmagan kishilar uni tarkidunyochilikka aylantirib qo‘yadilar, dinga amal qilish uchun dunyodan ajralib chiqish kerak, deb hisoblaydilar. Vaholanki, Parvardigori olam insonga ato qilgan barcha ne’matlari ham oxiratni, ham dunyodagi nasibani izlash vositasi ekanini aytmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Abu Hurayra, parhezkor bo‘l, odamlarning obidrog‘i bo‘lasan. Qanoatli bo‘l, insonlarning eng boyi bo‘lasan. O‘zingga yoqqanini odamlar uchun ham yaxshi ko‘r, mo‘min bo‘lasan. Qo‘shningga yaxshilik qil, muslim bo‘lasan. Kulgini ko‘paytirma. Chunki kulgining ko‘pi qalbni o‘ldiradi”, dedilar (Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonni o‘ziga berilgan ne’matlarni qadrlashga targ‘ib etganlar.
Ba’zan inson o‘zidan boyroq kishiga qarab: “Uning mashinasi bor, uyi katta, kiyimi yaxshi, imkoniyati ko‘p”, deb o‘zini kambag‘al his qiladi. Lekin o‘zidagi ne’matlarga qaramaydi. Boshqa bir inson esa kasal bo‘lib yotibdi, sog‘likka muhtoj. Yana biri farzandli bo‘lishni orzu qiladi. Demak, biz ko‘pincha o‘zimizda bor narsalarning qadrini ularni boy bergachgina anglab yetamiz. Shu bois mo‘min inson har kuni: “Alloh taolo menga qancha ne’matlar bergan-a. O‘ziga shukr”, deb hamdu sano aytishi kerak.
– Demak, qanoat insonning baxtli yashashiga ham sabab bo‘lar ekan-a?
– Albatta. Qanoat bilan baxt o‘rtasida katta bog‘liqlik bor. Bugungi kunda insonning ko‘zi ko‘p narsaga tushadi. Telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarning hayotini ko‘ramiz. Kimdir yangi mashina xarid qilganini, kimdir yangi imorat qurganini, kimdir chet elga sayohat qilganini ko‘ramiz.
Agar inson o‘z hayotini doimo boshqalarning hayoti bilan solishtiraversa, qalbida norozilik paydo bo‘ladi: “Nega menda yo‘q? Nega unda bor? Nega uning hayoti yaxshi?” degan savollar ko‘payib boradi. Bu esa insonning xotirjamligini yo‘qotadi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoviy masalalarda inson o‘zidan pastroq holatdagi kishilarga qarashini o‘rgatganlar. Ya’ni inson o‘zidan boyroq kishiga qarab hasrat qilmasdan, o‘zidan kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan kishilarni ko‘rib, Allohning ne’matlariga shukr qilsin.
– Ayrimlar qanoatli kishining hayotga intilishi past, deb tushunadilar. Bunga dinimiz qanday qaraydi?
– Bu qanoat tushunchasini noto‘g‘ri anglashdan kelib chiqadi. Musulmon kishi mehnatkash bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mehnat qilishga, halol rizq topishga targ‘ib etganlar.
Dehqon yerga urug‘ sepib, keyin “Alloh rizq beradi”, deb uyida o‘tirmaydi. U yer haydaydi, urug‘ sochadi, sug‘oradi, mehnat qiladi va natijasini Allohdan kutadi. Tadbirkor ham harakat qiladi, talaba o‘qiydi, hunarmand ham mehnat qiladi. Qanoat shu harakatdan keyin insonning qalbidagi holatdir. Ya’ni, qo‘limiz mehnatda, qalbimiz Allohga bog‘langan bo‘lishi kerak.
– Bugungi yoshlar orasida “ko‘proq pul topish”, “boy bo‘lish”, “qimmat mashina olish” kabi maqsadlar kuchayib bormoqda. Bu holatga qanday munosabat bildirasiz?
– Mol-dunyoga ega bo‘lish yomon emas. Islom boylikni harom qilmagan. Harom qilingani – boylikning inson qalbini egallab olishi, uni haromga boshlashi va Alloh taoloning zikridan, toat-ibodatidan unuttirishidir.
Halol mehnat bilan boyigan inson juda ko‘p xayrli ishlar qilishi mumkin. Kambag‘allarga yordam beradi, masjidlar va madrasalar quradi, ilmga xizmat qiladi, yetimlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Mol-dunyo qo‘lda bo‘lsa – ne’mat, qalbda bo‘lsa sinovdir.
Yoshlarimizga shuni o‘rgatishimiz kerak: katta maqsad qo‘yish mumkin. Ammo maqsad halol bo‘lishi kerak. Rizq halol bo‘lishi kerak. Mehnat halol bo‘lishi kerak. Eng muhimi, inson dunyoviy maqsadga erishaman deb oxiratni boy bermasligi lozim.
– Farzandlarimizga qanoatni qanday o‘rgatishimiz mumkin?
– Eng yaxshi tarbiya namuna bo‘lishdir. Ota-ona “qanoatli bo‘l” deb, o‘zi doimo boshqalarning mol-dunyosini muhokama qilib yursa, bola gapga emas, amalga qaraydi. Farzandlarimizga kichikligidan: “Non – ne’mat. Uni isrof qilma”, “Ota-onangning mehnati qadriga yet”, “Boshqalarga hasad qilma”, degan tushunchalarni singdirish kerak.
Bolaning istagan hamma narsasini muhayyo qilaverish to‘g‘ri emas. Chunki inson xohlagan narsasiga osongina erishaversa, berilgan ne’matning qadrini bilmay qo‘yishi mumkin. Ba’zida farzandga: “Hozir imkonimiz yo‘q, sabr qilamiz”, deyish ham tarbiya, ham uning qanoatli bo‘lishiga zamin yaratadi.
– Qanoat bilan taqdirga rozi bo‘lishni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?
– Mo‘min kishi Alloh taoloning taqdiriga iymon keltiradi. Lekin taqdirni bahona qilib, o‘zining zimmasidagi vazifalarini tashlab qo‘ymaydi. Kasal inson: “Taqdir ekan”, deb davolanishdan voz kechmaydi. Rizq izlayotgan kishi mehnat qilishni ortga surmaydi. Talaba o‘qishni to‘xtatmaydi. Biz sabablarni qilamiz, natijasini Allohdan kutib yashaymiz. Agar natija biz kutgandek bo‘lmasa, “Nega bunday bo‘ldi?” deb Allohning taqdiriga norozi bo‘lmaymiz. Mana shu holat inson qalbiga katta xotirjamlik beradi.
– So‘nggi savol: inson qanoatli bo‘lishi va shu fazilatga ega bo‘lishi uchun nima qilishi kerak?
– Buning uchun, avvalo, shukrni kanda qilmasligi kerak. O‘zini hadeb boshqalar bilan solishtirmasligi zarur. Chunki har kimning taqdiri, rizqi va hayot yo‘li har xil bo‘ladi.
Halol mehnat qilib, isrofdan tiyilishi shart. Inson ko‘p narsaga ega bo‘lish bilan baxtli bo‘lib qolmaymiz. Kerakli narsa bilan kifoyalanishni o‘rganishimiz lozim.
Ehtiyojmand insonlar holiga qarash kerak. Inson o‘zidan kamroq imkoniyatga ega kishilarni ko‘rsa, o‘zining ne’matlarini yanada chuqurroq his qiladi.
Alloh taolo bilan munosabatimizni mustahkamlashimiz shart. Namoz, duo, Qur’on tilovati, zikr va istig‘for insonning qalbini poklaydi. Qalbi Allohga bog‘langan inson dunyoviy narsalarga haddan ziyod bog‘lanib qolmaydi. Va o‘shanda qinoat bitmas xazina ekanini anglab yetadi.
T.NIZOM suhbatlashdi.