O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Andijon viloyatida o‘tkazilgan imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar doirasida ulamolar tomonidan masjidlarda namozxonlar bilan muloqot va savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Andijon shahridagi "Hazrati Bilol" jome masjidida peshin namozini ado qildilar. So‘ng namozxonlarga mazmunli va manfaatli suhbat qilib berdilar.
Ma’ruza davomida davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda diniy sohaga qaratilayotgan e’tibor, xususan, fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini ta’kidladilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar internat uyi tarbiyalanuvchilari holidan xabar oldilar.
Muftiy o‘rinbosarlari, vaqf fondi mas’ullari, viloyat bosh imom-xatiblari esa Andijon shahridagi keksa, yolg‘iz va nogironlar istiqomat qilayotgan Ijtimoiy himoya markazida bo‘lishdi.
Tashriflar davomida internat uyi hamda ijtimoiy himoya markaziga O‘zbekiston musulmonlari idorasi va “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan maishiy texnika jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyenik vositalar xayriya qilindi.
Ilmiy-amaliy tadbirning muhim yo‘nalishlaridan biri xalq bilan yaqindan muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘ldi. Viloyat bosh imom-xatiblari va tumanlardagi diniy soha vakillari o‘z hududlaridagi mahallalarda bo‘lishdi. Muloqotlar davomida tinchlik va sog‘likning ahamiyati, har bir insonning jamiyat oldidagi ma’naviy mas’uliyati haqida aytib o‘tildi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda imom-domlalar bilan bir qatorda otinoyilar, mahalla faollari va “Haj-2025” ziyoratchilari mahallalarning ehtiyojmand, muammoli xonadonlariga kirishdi. 7 toifaga mansub 80 ta oilada yarashtiruv, targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati