Laylatul qadrga yetishish va unda berilajak ajr-mukofotlardan bahramand bo‘lish har bir musulmon orzusi. Shunday ekan, bu muborak tunni qaysi kechadan izlamoq kerak?
Dastlab, Qadr Ramazon oyining nechanchi kechasi ekani Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan edi. Lekin sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan Qadr kechasini aniqlab aytib berishlarini qayta-qayta so‘rashgach, u zot avval oyning uchinchi o‘n kunligidan, keyinroq oyning oxirgi yetti kechasidan, so‘ngra oyning oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan izlash kerakligi haqida aytganlar va hokazo. Shunga ko‘ra, manbalarda bu borada kelgan ma’lumotlar turlichadir. Demak, Qadr kechasini quyidagi vaqtlardan topish mumkin ekan:
Yil davomida. Ba’zi ulug‘ zotlar odamlar yilning ma’lum bir kechasiga suyanib, faqatgina o‘sha tunni g‘animat bilib, uni ibodat bilan bedor o‘tkazib, qolgan kechalarga beparvo bo‘lib yurmasinlar degan maqsadda, bu muborak kechani topmoqchi bo‘lgan kishi yil davomida izlashi kerak, deyishgan.
Tabiiyki, bu juda mashaqqatli bo‘lib, unga hamma ham qodir bo‘lolmaydi. Zero, Islom yengillik dinidir. Alloh taolo bandalariga toqatidan tashqari narsani yuklamaydi. Dinimizda har bir masalada kishining holati inobatga olinadi, hatto ibodatda ham. Masalan, sog‘lom kishi namozni tik turib o‘qisa, unga toqati yetmaganlar o‘tirib imo-ishora bilan ado etadi va hokazo. Alloh taoloning mehribonligini qarangki, sog‘lom odam namoz o‘qiganida, unga qancha savob berilsa, ixlos bilan o‘tirib, imo-ishora bilan o‘qilgan ibodatga ham o‘shancha ajr yoziladi. Agar bularga ato etiladigan savoblar ayricha bo‘lganida edi, bemorlar, qarilar va zaiflar singari odamlar kuch-quvvati bor sog‘lom kishidek savob qozonishlari mumkin bo‘lmay qolardi. Bu esa, zulmdir. Holbuki, Alloh subhonahu va taolo hech kimga zulmni ravo ko‘rmas. Demak, Qadr kechasi haqida keltirilgan ma’lumotlar ham shunga qiyoslanadi. Zero, Qadr kechasini topish ham ulug‘ ibodatdir.
Ramazon oyidan. Shunday qilib, yil davomida Qadr kechasini izlash imkoniyati yo‘q kishilar qanday yo‘l tutishlari kerak? Ular mazkur kechani Ramazon oyidan qidiradilar. Demak, mazkur kechani topish yanada qulaylashdi, yildan oyga qisqardi.
Ramazon oyining oxirgi dahasidan. Bu muborak kechani Ramazon oyi davomida topish ko‘pchilikka og‘irlik qildi, deylik. Endi, ular Ramazonning oxirgi o‘nligidan qidirishlari kerak. Zero, Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar va:
تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ
«Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘nligidan izlanglar» der edilar (Muttafaqun alayh).
Demak, shart-sharoiti ko‘targan kishilar shu kechalar ichidan topishga harakat qiladilar. Bu, Laylatul qadrni topish oydan o‘n kechaga qisqardi, deganidir.
Ramazon oyining oxirgi yetti kechasidan. Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi dahasidan topishga ham toqati yetmaganlar uni oxirgi yetti kechadan qidirishlari mumkin. Zero, Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinishicha, sahobalardan ba’zilari tushlarida Laylatul qadrni oxirgi yetti (kecha)da ekanini ko‘rishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
أَرَى رُؤْيَاكُمْ قَدْ تَوَاطَأَتْ فِي السَّبْعِ الأَوَاخِرِ فَمَنْ كَانَ مُتَحَرِّيهَا فَلْيَتَحَرَّهَا فِي السَّبْعِ الأَوَاخِرِ.
«Sizlarning tushingiz oxirgi yetti kechaga muvofiq kelayotganini ko‘ryapman. Kim u (kecha)ni izlamoqchi bo‘lsa, oxirgi yetti (kecha)da qidirsin» (Muttafaqun alayh). Zotan, haqiqiy mo‘minning ko‘rgan tushi vahiy kabidir. Zero, azon sahobalar roziyallohu anhumning tushlari tufayli joriy bo‘lgani tarixdan ma’lum. Endi u zotlarning tushlari sharofatidan Laylatul qadrni izlash o‘n kechadan yetti kechaga qisqardi. Bu ham qulay imkoniyat.
Ramazon oyining oxirgi o‘n kechasining toqlaridan. Bu Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi yetti kechasidan izlashga ojiz kishilar uchun yo‘ldir:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِي الله عَنْهَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْوِتْرِ مِنَ الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِي.
Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kechasining toq (kecha)laridan izlanglar» (Ikki Shayx va Termiziy rivoyati).
Demak, Qadr kechasini topish yettidan besh kechaga qisqardi. Ular Ramazonning yigirma birinchi, yigirma uchinchi, yigirma beshinchi, yigirma yettinchi va yigirma to‘qqizinchi kechalaridir. Ha, bu muborak kechalar ham Laylatul qadrni topish uchun qulay fursatdir.
Ramazon oyining yigirma birinchi, yigirma uchinchi va yigirma beshinchi kechalaridan. Bu yuqoridagi besh kechaga toqati yetmaganlar uchun qulay fursatdir:
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي الله عَنْهما أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: الْتَمِسُوهَا فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي تَاسِعَةٍ تَبْقَى فِي سَابِعَةٍ تَبْقَى فِي خَامِسَةٍ تَبْقَى. رواه البخاري.
Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Laylatul qadrni Ramazondan oxirgi o‘n (kechasi)da izlanglar: to‘qqiz kecha qolganda, yetti kecha qolganda, besh kecha qolganda» (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, Laylatul qadrni topish besh kechadan uchga qisqardi. Shunga ko‘ra, bu Ramazonning yigirma birinchi, yigirma uchinchi va yigirma beshinchi kechalaridan topish kerak bo‘ladi.
Ramazonning yigirma yettinchi kechasidan. Mazkur uch kechaga ham majoli yetmaganlar Qadr kechasini Ramazonning yigirma yettinchi kechasidan izlashga imkonlari bor. Zero, bu ulug‘ tun Ramazonning aynan shu kechasida ekaniga dalolat qiladigan hadislar ko‘pdir. Jumladan, Muoviya ibn Abu Sufyon (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:
لَيْلَةُ الْقَدْرِ لَيْلَةُ سَبْعٍ وَعِشْرِينَ
«Laylatul qadr yigirma yettinchi kechadadir» (Imom Abu Dovud va Ahmad rivoyati).
Mashhur sahobiy Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Qadr kechasi haqidagi aytgan alomatlaridan aniqlab, jazm bilan uni yigirma yettinchi kechada ekanini ta’kidlaganlar. Uning alomati o‘laroq, o‘sha kechaning barakotlariga guvoh bo‘lish uchun juda ko‘p farishta osmondan yerga tushib-chiqar ekan. Ularning ko‘pligidan quyosh yog‘dusi to‘siladi. Shu bois, o‘sha kechaning tongida quyosh tog‘araga o‘xshab, atrofga ziyo sochmay ko‘tarilarkan.
Qadr kechasi Ramazon oyining yigirma yettinchisida ekani Islom olamida mashhurdir.
Demak, bu muborak oyni g‘animat bilib, imkoni bo‘lsa, barcha kechalarida ibodatga bel bog‘lab, bedor o‘tkazishga, ayniqsa, yigirma yettinchi kechaga alohida e’tibor qaratish kerak. Shu bilan birga, bu muborak kechada, ahli oila, yoru do‘stlarni ham ibodatga chorlash maqsadga muvofiqdir. Alloh taolo o‘sha kechaning barakotidan ming oylik ibodatning savobidan ko‘ra ko‘proq ajr berishidan umidvor bo‘lish lozim. O‘sha kechada qilingan ibodat va duolar fazlidan o‘tgan gunohlarning kechirilishini umid qilish darkor.
Ramazonning oxirgi o‘n kechaning biridan. Rivoyatlarda kelishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qadr kechasini izlamoqchi bo‘lib, Ramazonning avvalgi va o‘rta o‘n kunliklarida e’tikof o‘tirdilar. Shunda tushlarida u tun Ramazonning oxirgi o‘n kunligida ekani, o‘sha kechaning alomati o‘laroq u zot tongda loy hamda suvga sajda qilishlarini ko‘rdilar. Buni kishilarga aytib, ularni ham e’tikof o‘tirishga chorladilar. Bir kuni tongda yomg‘ir yog‘di. Masjidi Nabaviyaning tomi xurmo shoxlari bilan yopilganidan, diyarli yomg‘irning ko‘p qismi masjid yeriga tushar edi. Bomdod namozi o‘qilganida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak peshona va burunlari uchiga loy hamda suv tegdi. Shunda sahobalar darhol Laylatul qadr alomatini esladilar. O‘shanda Ramazonning yigirma birinchi kechasi edi. Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Menga Laylatul qadr ko‘rsatildi. So‘ngra xotiramdan ko‘tarildi. Menimcha, o‘sha kechaning tongida loy va suvga sajda qilsam kerak», dedilar. Shunda Ramazonning yigirma uchinchi kechasida yomg‘ir qo‘ydi».
Ulamolar Laylatul qadr har yili ko‘chib yuradi, bir yil u kechada, keyingi yil bu kechada, deganlar. Shu e’tibordan, u kechani topmoqchi bo‘lgan kishi Ramazon oyining hamma kechalarini ibodat bilan o‘tkazsa, albatta, uni topadi. Alloh taolo hammamizni bu ulug‘ onlarning fayzu barakotidan nasibador qilsin, duolarimizni ijobat aylasin, gunohlarimizni afv etsin, tavbalarimizni qabul qilsin. Bu muborak oyning sharofatidan butun dunyoga, ayniqsa, yurtimizga tinchlik-xotirjamlikni bardavom aylasin. Omin!
Tolibjon QODIROV
X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.
Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.
Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.
Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.
Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.
Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.
Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati