Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Ramazondan keyin-chi?

24.03.2025   12471   2 min.
Ramazondan keyin-chi?

Mana, muborak Ramazon oyi ham o‘z poyoniga yetdi. Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazganlarimiz, kunduzlari ro‘zador yurganlarimiz, tunu kun Qur’on o‘qiganlarimiz esingizdami?!

Namozlarimizni masjidlarda jamoat bilan o‘qishga qattiq harakat qilar edik. Masjidlar ham namozxonlarning ko‘pligidan to‘lib-toshib ketardi. Shu damlarni esingizdan chiqarmadingizmi?!

Xo‘sh, endi ayting-chi! Hozir ham Ramazondagi kabi hayot tarzidamizmi?! O‘sha kunlarda bo‘lgani kabi bir kecha Qur’on o‘qimay qolsak xijolat bo‘lamizmi?! Kunduzgi va tungi amallarimizni puxta bajarishga kirishganmizmi?! Tafakkur, xushu’, taammul va bo‘yinsunish ila Rabbimizdan qo‘rqyapmizmi?!

Odamlarning Ramazondagi va undan boshqa paytlardagi holatlarini solishtirgan kishi dangasalik, ibodatlarga loqaydlikni ko‘rib, hayratdan yoqa ushlaydi. Ularning holatlaridan “Tavba, ibodat faqatgina Ramazon oyiga tegish­limi?! Alloh taolo barcha oylarning ham Robbi-ku?!

Ramazon oyi boshqa oylarda ibodatlarga ixlos ila yondashish uchun zaxira to‘plab olinadigan oydir.

 Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim bo‘shashish, dangasalik va rohat tomon og‘sa, hech ikkilanmay aytish mumkinki, u odam haqiqiy rohatdan quruq qolibdi”.

 Bir hikmat bor: “Charchamaslikni xohlasangiz, charchab (bo‘shashib) qolmaslik uchun  (ibodat bilan) charchang!”.

 Bu kabi tavsiyani Alloh taolo O‘z Nabiyyiga bergan: «Forig‘ bo‘lsang, (ibodatga) uringin»[1]. Chunki dangasalik orqali haqni yetkazib bo‘lmaydi, vojiblarni ado etish qiyin masala.

Ibodatga sho‘ng‘ish, tinmay mashg‘ul bo‘lish, yaqinlarining haqlaridan ularni mahrum qilish Payg‘ambar alayhissalomning sunnatlari emas. Aksincha, har ishda mo‘tadillik lozim. Yaxshi ishni oz-ozdan bo‘lsa ham doimiy qilib yurgan afzal. 

Tavbadan keyin qilingan bir gunoh undan avvalgi gunohdan anchayin yomonroqdir. Kasallikning qaytalanishi birinchisiga qaraganda anchayin qiyin kechadi. To dunyodan o‘tguningizga qadar toatlarda mahkam turish, astoydil bo‘lishni Alloh taolodan so‘rang. Qalblarning almashinuvidan esa panoh tilang. To‘qigan narsasini tayyor bo‘lganidan keyin qirqim qilib kesib, chuvalab tashlagan ayolga o‘xshamang.

Allohning toati yo‘lida sizga yordamchi bo‘ladigan kishini do‘st deb biling. Ramazon oyida duo qilishga haris bo‘lganingizdek, boshqa oylar ham duoda mahkam bo‘ling. Haftada bir marotaba bo‘lsa ham tahajjudga turing. Qur’on tilovatini unutmang. Ramazondan keyin ham Ramazondagi holatingizda davomli bo‘ling.

 


[1]  Sharh surasi, 7-oyat.

 

 

Ramazon
Boshqa maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   25362   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV